4-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Sergelini poytaxtning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlarini bog‘lovchi Toshkent halqa yo‘lidagi yangi ko‘prik qurilishini jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, kelasi yil Yangi Sergeli ko‘chasida avtobuslar uchun 5,5 kilometrlik BRT yo‘lak qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu yo‘lak Shota Rustaveli ko‘chasi bilan bog‘lanadi.
Joriy yil Sergelining asosiy 23 kilometrlik yo‘lida harakat xavfsizligi qayta ko‘rib chiqiladi. Xususan, chorrahalarga 455 ta “aqlli” svetofor o‘rnatilishi, 150 ta avtobus bekati yangilanishi va 10 ming o‘rinli avtoturargoh tashkil etilishi belgilangan.
Yig‘ilishda so‘nggi yillarda Sergelida 30 ming xonadonli yangi uy-joylar, 2 mln kvadrat metr sanoat, savdo va servis obyektlari qurilgani, tuman hududi esa 5,6 ming gektarga kengaygani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, transport, yo‘l, elektr, suv va kanalizatsiya kabi infratuzilma yo‘nalishlarida hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar mavjudligi qayd etildi.
Jumladan, Sergeli va Yangihayot aholisi e’tirozlariga sabab bo‘layotgan suv tozalash inshooti atrofidagi badbo‘y hid muammosini 1-sentabrgacha bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berildi.








