Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida o‘zbek xalqining buyuk shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ishtirok etdi.
Tbilisi shahrida Alisher Navoiy haykalining ochilishi Oʻzbekiston bilan Gruziya oʻrtasidagi madaniy aloqalar tarixida yana bir muhim voqea ekani, ikki xalqning azaldan savdo yoʻllari, doʻstlik va oʻzaro hurmat rishtalari bogʻlangani, ikki mamlakatning boy madaniy merosi bir-biriga qiziq ekani alohida ta’kidlandi.
Toshkentning markaziy koʻchalaridan biri Shota Rustavelining nomi bilan atalishi, gruzin mumtoz adabiyotining buyuk namoyandasiga haykal oʻrnatilgani uning ijodi O‘zbekistonda qadrlanishi sifatida e’tirof etildi. Oʻz navbatida, joriy 2026-yilda Tbilisi markaziy bogʻlaridan biriga Alisher Navoiy nomi berildi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Gruziya oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi. Tbilisi shahrida Oʻzbekiston madaniyati va kinosi kunlari, Toshkent shahrida esa Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Marosimda Alisher Navoiy jahon adabiyotining buyuk namoyandasi ekani, uning bebaho ijodi asrlar davomida odamlarni insonparvarlik, maʼrifat, tafakkur va oʻzaro hurmatga chorlab kelayotgani taʼkidlandi.
Tbilisi shahridagi Alisher Navoiy haykali Oʻzbekiston va Gruziya xalqlari oʻrtasida mustahkamlanib borayotgan doʻstlik rishtalarining yana bir yorqin ramzi boʻlishiga ishonch bildirildi.
Ma’lumot uchun, Alisher Navoiy haykali 2024-yilda Anqarada, 2021-yilda Ostonada o‘rnatilgan bo‘lsa, 2021-yilning 16-dekabrida Seul shahri markazida shoir va mutafakkir byusti ochildi.








