AQSH prezidenti Donald Tramp 23-mart kuni Eron bilan samarali muzokaralar o‘tkazilganini aytib, mamlakat energetika obyektlariga zarbalar berish besh kunga to‘xtatilishini ma’lum qildi. Eron nashrlari esa muzokara o‘tkazilgani haqidagi da’voni rad etmoqda.
To‘rtinchi haftasiga kirgan urush fonida Tramp o‘zining Truth Social platformasida so‘nggi ikki kun davomida AQSH va Eron o‘rtasida Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarni to‘liq va mutlaqo to‘xtatish bo‘yicha juda yaxshi va samarali suhbatlar bo‘lib o‘tganini ta’kidladi.
Prezident o‘z xabarida, muzokaralar natijasini kutish uchun Mudofaa vazirligiga zarbalarni ortga surish bo‘yicha ko‘rsatma berganini aytdi.
Tramp o‘tgan hafta Eronga Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun 48 soat muhlat berib, aks holda Amerika harbiylari mamlakatdagi elektr stansiyalarni yo‘q qilishi bilan tahdid qilgandi.
Eronning Fars axborot agentligi Trampning muzokara haqidagi postidan so‘ng AQSH bilan na bevosita va na vositachilar orqali aloqa o‘rnatilmaganini bildirdi. Agentlik o‘z manbasiga tayanib, Trampning bu “chekinishi”ga Eronning mintaqadagi barcha elektr stansiyalariga hujum bilan javob qaytarish haqidagi ogohlantirishi sabab bo‘lganini ta’kidladi.
Isroilning harbiy rejalari bilan tanish manbaga ko‘ra, Vashington Tehrondan kelayotgan xabarlar haqida Isroilni xabardor qilib turibdi. Isroil ham Eron energetika infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatib turishda Vashingtonga ergashishi kutilmoqda. Hozircha Isroil bosh vaziri Netanyaxu idorasi bu borada izoh bermadi.
Trampning bayonoti jahon bozorlariga darhol ta’sir qildi. Xususan, Brent markali neft narxi qisqa muddatga 13 foizga tushib, barreliga 100 dollardan pasaydi (keyinchalik 105 dollar atrofiga qaytdi). AQSH fond bozorlari fyucherslari 2 foizdan ko‘proq o‘sish bilan yo‘qotishlarni qopladi.
AQSH va Isroil tomonidan 28-fevralda boshlangan urush oqibatida shu paytgacha 2 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi. Bu urush global inflyatsiya xavotirlarini kuchaytirib, G‘arb mudofaa ittifoqini larzaga keltirdi. Energetika tizimlariga hujum qilish tahdidi, ayniqsa, ko‘rfaz davlatlari uchun halokatli bo‘lishi mumkin. Sababi Fors ko‘rfazi shaharlarida chuchuk suv ishlab chiqaruvchi zavodlar 100 foiz elektrga bog‘liq.
Bahrayn va Qatarda iste’mol qilinadigan suvning 100 foizi, BAAda 80 foizi va Saudiya Arabistonida 50 foizi aynan dengiz suvini chuchuklashtirish orqali olinadi. Hozirda Eron global neft va gaz oqimining beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘ygan. Ammo “dushman bo‘lmagan davlatlar” uchun bo‘g‘oz ochiq.
Eron Mudofaa kengashi 23-mart kuni agar AQSH va Isroil mamlakatga hujumlarni davom ettirsa, butun Fors ko‘rfazi bo‘ylab dengiz minalarini o‘rnatish va barcha tranzit yo‘llarini yopish bilan tahdid qildi.
“Bunday holda, butun ko‘rfaz uzoq vaqt davomida amalda Hormuz bo‘g‘oziga o‘xshash vaziyatda qoladi”, deyiladi Eron tomoni bayonotida.








