Toshkentda bolalarga zo‘ravonlik qilingan Rayyan Kids Land nodavlat ta’lim tashkilotiga tegishli litsenziya bekor qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu ta’lim tashkiloti tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan 6 ta holat bo‘yicha litsenziya talablari va shartlari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlandi. Xususan, 24-iyun kuni ta’lim tashkiloti tarbiyachisi A.G. tomonidan tarbiyalanuvchilardan biriga nisbatan jismoniy va ruxiy zo‘ravonlik qilingani ham bu talabning buzilishi hisoblanadi.
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunda nodavlat ta’lim tashkiloti tomonidan litsenziya talablari va shartlari bir marotaba qo‘pol ravishda buzilgan va mazkur qoidabuzarlik fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga ziyon yetkazilishiga olib kelgan bo‘lsa, litsenziyani bekor qilishga asos bo‘lishi qayd etilgan.
Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonida Rayyan Kids Land nodavlat ta’lim tashkilotiga tegishli litsenziyani bekor qilish yuzasidan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza kiritildi.
Uchtepa tumanida joylashgan ushbu xususiy bog‘chada tarbiyachi tomonidan bolalarga nisbatan nomaqbul munosabatda bo‘lingani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgandi. Ularning birida tarbiyalovchilar bolalarga tazyiq o‘tkazgani, bolalardan birining og‘ziga mato tiqqani, yana birining qo‘lini eshik bilan qisganini aks etgan.
Holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayrim tarbiyalanuvchilarning olgan tan jarohatlari yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Ota-onalarning “Kun.uz”ga ma’lum qilishicha, bog‘chada zo’ravonlik holati avval ham bo‘lgan. May oyida ushbu bog‘cha tarbiyachilaridan biri bolaga tan jarohati yetkazgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan va BHMning uch baravari (1 mln 236 ming so‘m) miqdorida jarima bilan jazolangan.
Toshkentda bolalarga zo‘ravonlik qilingan bog‘cha faoliyati tugatiladi
Rayyan Kids bog‘chasida 6 ta holat bo‘yicha litsenziya talablari va shartlari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlandi. Tarbiyalanuvchilarga zo‘ravonlik qilingani bo‘yicha jinoyat ishi ham qo‘zg‘atilgan.
1 daqiqa o‘qish8 365 ko‘rishlar0 izoh7
Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish








