Toshkent viloyatining Qibray, Toshkent, Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlarida joylashgan ayrim issiqxonalarni demontaj qilish hamda ularni sun’iy isitish tizimlaridan uzish ishlari boshlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kuz-qish mavsumida qator issiqxonalarda sun’iy isitish uchun ko‘mir, mazut, avtomobil shinalari va boshqa zararli yoqilg‘i turlaridan foydalanilgan. Oqibatda atmosfera havosiga me’yordan ortiq zararli moddalar chiqarilib, bu atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu munosabat bilan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, avval o‘tkazilgan reydlar davomida zararli yoqilg‘idan foydalangan issiqxonalarga nisbatan choralar ko‘rilgan va ifloslanish manbalari bartaraf etilgan. Natijada atmosfera havosi sifatini ma’lum darajada yaxshilashga erishilgan.
Vazirlar Mahkamasining 162-son qaroriga ko‘ra, faoliyatini to‘xtatib, Surxondaryo viloyatidagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasida ishini davom ettiradigan issiqxona xo‘jaliklari uchun qator imtiyozlar belgilangan. Jumladan, ilgari olingan kreditlarni qaytarish muddati 5 yilga uzaytiriladi, shundan 3 yiligacha imtiyozli davr beriladi. Shuningdek, avval taqdim etilgan davlat kafolatlari va foiz xarajatlarini qoplash kompensatsiyalari saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, 2028-yil 1-aprelgacha “Surxon-Agro” hududiga ko‘chiriladigan issiqxonalarni demontaj qilish, tashish va qayta o‘rnatish xarajatlari yer maydonining har bir sotixi uchun 500 ming so‘mgacha bir martalik tartibda qoplab beriladi.
Hozirda Toshkent viloyatidagi tadbirkorlarga Sherobod tumanidagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chish shartlari, mavjud imtiyozlar va boshqa masalalar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shundan so‘ng issiqxonalar sun’iy isitish tizimlaridan uzilib, amaldagi shartnomalar bekor qilinadi.








