2026-yil I choragi yakunida Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarni tashkil etdi. Taqqos uchun, 2025-yil dastlabki uch oyida mazkur koʻrsatkich 68,4 mlrd dollar edi. Qarzlar miqdori bir yillik davrda qariyb 13,8 mlrd dollarga yoki 20 foizga ortgan.
Markaziy bank 40,5 mlrd dollar kreditlar davlat tashqi qarzi, 41,7 mlrd dollari esa korporativ tashqi qarzligini qayd etgan. Bunda davlat zimmasidagi qarzlar miqdori bir yil ichida 4,7 mlrd dollarga, korxonalar qarzlari 9,1 mlrd dollarga koʻpaygan.
“Korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor, jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb etilgan tashqi qarzlar aks ettiriladi. Bunda, korporativ tashqi qarz boʻyicha davlat majburiyati mavjud emas, ular boʻyicha toʻlovlar xoʻjalik subyektlari hamda banklarning oʻz mablagʻi hisobidan amalga oshiriladi”, deyiladi regulyator sharhida.
Hisob kitoblarga qaraganda, 2026-yil yanvar-mart oylarida Oʻzbekistonning umumiy tashqi qarzi miqdori yil boshiga nisbatan oʻzgarmagan. Yaʼni uch oy davomida 82,2 mlrd dollarlik yalpi tashqi qarz qoldigʻi saqlanib qolgan.
Markaziy bank Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekistonning tashqi qarz yuki past darajada ekanini eslatib oʻtgan. Bunga kreditlar asosan imtiyozli shartlarda olinganiga urgʻu berilgan.
Maʼlumot uchun, 2026-yil uchun Oʻzbekiston byudjetiga oid qonunda hukumat nomidan tashqi qarzlarni jalb qilishning cheklangan hajmi 5 mlrd dollar etib belgilangan. Olingan kreditlarning yarmi davlat byudjeti taqchilligini qoplashga, qolgan 2,5 milliard dollari investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan.
Davlat tashqi qarz taqsimoti
Davlat tashqi qarzining 19,7 mlrd dollari byudjet taqchilligini qoplashga sarflangan. Vazirlik tahliliga koʻra, qolgan mablagʻ quyidagi sohalarga yoʻnaltirilgan:
- yoqilgʻi-energetika sanoatiga — 5,6 mlrd dollar;
- transport — 3 mlrd dollar;
- qishloq va suv xoʻjaligi — 3,3 mlrd dollar;
- uy-joy kommunal xoʻjaligi — 3,2 mlrd dollar;
- sogʻliqni saqlash, taʼlim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari hamda boshqa sektorlar — 3,6 mlrd dollar.
Eng yirik qarz beruvchilar
Davlat tashqi qarzining 22,3 mlrd dollari (56 foizi) xalqaro moliya institutlaridan olingan. Jumladan, eng yirik kreditor Jahon banki boʻlib turibdi — 9,04 mlrd dollar. Keyingi navbatda mamlakatning Osiyo taraqqiyot bankidan qarz qoldigʻi 8,3 mlrd dollarni tashkil etgan.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankidan 2,3 mlrd dollar, Islom taraqqiyot bankidan 1,1 mlrd dollar qarzdor.
Davlat tashqi qarzining 11,6 mlrd dollari (29 foizi) xorijiy hukumatlarning moliya tashkilotlaridan jalb qilingan. Xususan, respublikaga Xitoy banklari 3,9 mlrd dollar, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa tashkilotlari 3,1 mlrd dollar ajratgan.
Qarzlarning 5,8 mlrd dollar obligatsiyalar chiqarish orqali investorlardan olingan.








