Prezidentning “Paxta-to‘qimachilik sohasida moliyaviy barqarorlikni oshirish hamda tolani chuqur qayta ishlashni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2025-yilda o‘ziga biriktirilgan yer maydonlarida paxta yetishtirgan paxta-to‘qimachilik klasterlari va ular ta’sischisi bo‘lgan korxonalarga, paxta xomashyosi belgilangan konturlarda yetishtirilgani Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan tasdiqlangan taqdirda, har bir gektar uchun 3 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyungacha amalga oshirilgan bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama ishlab chiqarish loyihalari uchun bo‘yash uskunalarini xarid qilish xarajatlari Prezidentning 2022-yildagi farmonida belgilangan miqdorlarda subsidiya qilinadi. Mablag‘lar avval ajratilgan, ammo foydalanilmagan subsidiya qoldiqlari hisobidan yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-iyulgacha tadbirkorlarning barqarorlik reytingida “A” va undan yuqori toifaga kirgan paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda to‘qimachilik korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasi tekshiruvlarsiz 20 kun ichida qaytariladi.
Prezident 2024-yil 22-iyul kuni “Paxtachilik sohasi korxonalarining iqtisodiy-moliyaviy holatini yaxshilashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzolagandi. Hujjatga ko‘ra, paxta-to‘qimachilik klasterlari moliyaviy sog‘lomlashtirilishi belgilangan.
Bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan va sotib olish qiymatining 35 foizi va undan yuqori qismi to‘langan paxta tozalash zavodlari va paxta qabul qilish maskanlarini jalb etiladigan kredit bo‘yicha mulkiy majmua sifatida garovga qo‘yishga ruxsat berilgan.








