Isroil va Livan bir necha kunlik muzokaralardan so‘ng 26-iyun kuni Vashingtonda kelishuv imzoladi. AQSH vositachiligida o‘tgan bu muzokaralar Isroil va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” guruhi o‘rtasidagi urushni tugatishni ko‘zda tutadi. Biroq har ikki tomon ham ushbu hujjatni faqatgina dastlabki qadam deb baholamoqda.
Hujjatni Livanning AQSHdagi elchisi Nada Moavad va uning isroillik hamkasbi Yehiel Layter imzoladi. Vashingtondagi davlat departamentida o‘tgan uch tomonlama marosim tafsilotlari ochiqlanmadi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, agar “Hizbulloh” qurolsizlanmasa, kelishuv Isroil kuchlariga Livan janubini okkupatsiya qilishda davom etishga ruxsat beradi.
“Bugun biz shubhasiz qiyin, ammo muhim va zarur bo‘lgan safarning birinchi qadamini tashladik”, dedi AQSH davlat kotibi Marko Rubio hujjat imzolanishidan oldin.
Keyinchalik Rubio AQSH kelishuv ijrosini nazorat qilish uchun uch tomonlama Livan bo‘yicha harbiy muvofiqlashtirish guruhini tuzishini bildirdi. Shuningdek, Vashington BMT bilan hamkorlikda gumanitar yordam uchun zudlik bilan 100 million dollar ajratadi. Bundan tashqari, Livan qurolli kuchlari salohiyatini oshirish uchun yana 30 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.
Livan elchisi Moavad ham buni mamlakat suverenitetini tiklash yo‘lidagi birinchi qadam deb atadi. Isroil elchisi Layter esa:
“Eron chiqib ketdi, ‘Hizbulloh’ chiqib ketdi. Endi Isroil va Livan o‘rtasida tinchlik yo‘li ochildi”, dedi.
Eksperimental hududlar va kelishuv shartlari
Netanyaxuning ma’lum qilishicha, kelishuv Livan armiyasiga hududlar nazoratini qo‘lga olishni boshlash imkonini beradi. Boshlanishiga ikkita pilot zona (eksperimental hudud) tanlangan bo‘lib, Isroil qo‘shinlari urush paytida egallab olgan ushbu yerlardan chiqib ketadi.
Isroil bu yerlarni shimoliy hududlarini “Hizbulloh” hujumlaridan himoya qiluvchi “xavfsizlik zonasi” yoki “bufer zona” deb atamoqda. Livan prezidenti Jozef Aun esa bu kelishuv livanliklarga to‘liq ozod qilingan yerlarga qaytish va uylarini qayta tiklash imkonini berishi kerakligini aytdi.
Muzokaralar boshlanishidan oldin Isroil va “Hizbulloh” o‘t ochishni to‘xtatishga kelishgan edi. Shunga qaramay, Isroil qo‘shinlari Livan janubida qoldi va o‘zaro otishmalar to‘xtamadi. 26-iyun kuni Isroil harbiylari o‘zlari egallab turgan hudud yaqinida “Hizbulloh”ning 7 nafar a’zosini yo‘q qilganini ma’lum qildi.
“Livan armiyasi ‘Hizbulloh’ni qurolsizlantirishni qanchalik yaxshi uddalasa, biz qo‘shimcha hududlarni bo‘shatish va xalqaro miqyosda tan olingan xavfsiz chegarani belgilash sari shunchalik tez harakat qilamiz”, dedi Layter.
Biroq “Hizbulloh” deputati Hasan Fadlalloh Livan rasmiylari AQSH yordami bilan mamlakatda fuqarolar urushini boshlamasa, bu kelishuvni bajara olmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, guruh har qanday choraga qarshi chiqadi va qurollarini aslo topshirmaydi.
Urush oqibatlari va yangi ogohlantirishlar
Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 2-martda, AQSH va Isroil Eronga hujum qilganidan bir necha kun o‘tib boshlangan edi. “Hizbulloh” hujumlariga javoban Isroilga havo va quruqlikdan zarbalar berdi. Oqibatda Livanda 4 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, bir milliondan ziyod aholi uy-joyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.
26-iyun kuni Isroil kuchlari Livan janubidagi Mansuri shaharchasiga varaqalar tashlab, aholiga hududni tark etishni buyurdi. Bu otashkesim kuchga kirgandan buyon berilgan birinchi shunday buyruqdir.
Livan harbiy rasmiysining aytishicha, Isroil yaqinda Mansurini o‘z okkupatsiya zonasiga qo‘shib olgan. Shaharchada odamlar yashamayotgan edi, faqat livanlik dehqonlar u yerga kelib-ketib turgandi. Isroil harbiy vakili esa buni tinch aholiga zarar yetmasligi uchun berilgan oddiygina “eslatma” deb hisoblashini bildirdi.








