Daryo

AQSHda vaqtincha maqomga ega migrantlarga doimiy yashash huquqini olish yoki mamlakatni tark etish buyurildi

Bu maqom ularni urush va qashshoqlik girdobida qolgan vataniga deportatsiya qilinishdan himoya qilardi. Qo‘shma Shtatlardan ketmoqchi bo‘lganlarga samolyot chiptasi va 2100 dollar beriladi.

2 daqiqa o‘qish10 232 ko‘rishlar0 izoh5

AQSHda vaqtinchalik himoyalanish maqomi (Temporary Protected Status/TPS) bilan yurgan migrantlar doimiy yashash huquqini olishga harakat qilishi yoki o‘z vataniga qaytib ketishi lozim. Bu haqda AQSH ichki xavfsizlik vaziri Markveyn Mullin 28-iyun kuni ma’lum qildi.

Vazir bu fikrlarni CNN telekanalining State of the Union dasturida aytdi. O‘tgan haftada Oliy sud prezident Donald Tramp ma’muriyatiga yuz minglab gaitilik va suriyalik immigrantlarni vaqtincha himoya maqomidan mahrum qilishga ruxsat bergan. Bu maqom ularni urush va qashshoqlik girdobida qolgan vataniga deportatsiya qilinishdan himoya qilar edi. Ammo Oliy sud sudyalarining qarori bir xil bo‘lmadi, ovozlar bo‘linib ketdi.

“Hujjatlarni rasmiylashtirib, bu yerda doimiy maqomda qolishga harakat qiling yoki yurtingizga qaytishingizga yordam beramiz. Biz hatto sizga samolyot chiptasi va u yerda qayta joylashib olishingiz uchun qariyb 2100 dollar pul beramiz. Biroq vaqtincha himoya maqomi, sudlar ta’kidlaganidek va uning nomidan ham ko‘rinib turibdiki, doimiy maqom hisoblanmaydi”, dedi Mullin.

Federal qonun hukumatga urush, tabiiy ofatlar yoki boshqa og‘ir sharoitlardan qochgan odamlarga AQSHda vaqtincha qonuniy yashash huquqini berishga ruxsat etadi. Ilgari bu maqom ketma-ket uzaytirib kelinar edi. Ushbu himoyani tugatish choralari boshlanganiga qaramay, AQSH Davlat departamenti hozir ham Gaiti yoki Suriyaga sayohat qilmaslikdan ogohlantirmoqda. Bunga u yerlardagi keng tarqalgan zo‘ravonlik, jinoyatchilik, terrorizm va odam o‘g‘rilash holatlari sabab qilib ko‘rsatilgan.

AQSH Gaitiga birinchi marta 2010-yilgi dahshatli zilziladan keyin vaqtincha himoya maqomini bergan edi. Suriyaliklarga esa 2012-yilda mamlakatda fuqarolar urushi boshlangach shunday maqom berilgan.

Keng ko‘lamli deportatsiyaga qarshilik

Migrantlarni ommaviy ravishda mamlakatdan chiqarib yuborish rejasiga hatto ayrim respublikachilar ham qarshi chiqmoqda. Ogayo shtati gubernatori Mayk Divayn CNN telekanaliga bergan intervyusida gaitiliklarning vataniga qaytishi xavfli ekanini aytdi. Shuningdek, u mehnatsevar ishchilarning ketishi Ogayo iqtisodiyotiga zarar yetkazishi va sog‘liqni saqlash sohasida xodimlar yetishmovchiligini keltirib chiqarishini bildirdi.

2024-yilgi saylovlar paytida Tramp Ogayoda yashayotgan gaitiliklarni boshqalarning uy hayvonlarini yeyishda asossiz ayblagandi. Biroq Oliy sudning konservativ ko‘pchiligi hukumat ustidan sudga bergan gaitiliklarning vajlarini rad etdi. Sud ularning “hukumat harakatlarida irqiy kamsitish bor” degan argumenti muvaffaqiyat qozonishiga ishonmadi.

Reuters agentligiga ko‘ra, gaitiliklarning shtatda bo‘lishi sanoat inqiroziga uchragan Ogayoning ayrim hududlarida iqtisodiyotni qayta tiklashga yordam bergan. Ular ish haqi o‘sishiga va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hissa qo‘shgan.

“Gaitiliklar ko‘p hollarda Altsgeymer kasalligiga chalingan onangiz yoki otangizga g‘amxo‘rlik qilmoqda. Qariyalar uyidagi oila azzolaringizga qaramoqda. Endi esa ularning hammasini bu yerdan haydaymiz deyish bizning manfaatlarimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi”, dedi gubernator Divayn.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar