AQSH va Eron o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatishga yana bir bor kelishib oldi. Bu haqda amerikalik manbaga tayanib Axios xabar berdi.
Tomonlar kamida Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovini tiklash bo‘yicha Qatarda rejalashtirilgan uchrashuvgacha bir-biriga hujum qilmaydi. Mazkur uchrashuv 30-iyun kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Hozirda bo‘g‘oz kemalar harakati uchun qisman ochilgan. Eron esa kemalardan o‘z yo‘nalishlarini mamlakat harbiy rahbariyati bilan kelishishni talab qilmoqda.
Hozirda G‘arb davlatlariga Hormuz bo‘g‘ozini minalardan to‘liq tozalashga ruxsat berilmagan. Shu sababli kemalar akvatoriyada faqat ikkita tor yo‘ldan harakatlanishi mumkin. AQSH prezidenti Donald Trampning bo‘g‘oz to‘liq ochilgani haqidagi bayonotlariga qaramay, u orqali yuk tashish hajmi AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanishidan oldingi darajaning yarmidan kamrog‘ini tashkil etadi.
AQSH va Eron hujumlarni qayta tiklagandi
Ikki davlat prezidentlari 18-iyun kuni urushni tugatishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi. Ammo 26—27-iyun kunlari tomonlar o‘zaro bir-birining obyektlariga hujum qildi. AQSH Eronning bir nechta qirg‘oqbo‘yi bazalariga hujum qilib, buni Eronning Hormuzdan o‘tayotgan ikkita tijorat kemasiga bergan zarbasiga javob deb atadi. Tehron bu kemalar Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bilan kelishilgan bo‘g‘oz orqali harakatlanish yo‘nalishidan chetga chiqqanini ta’kidladi.
Eron AQSH hujumlari ortidan uning Kuvayt va Bahrayndagi harbiy bazalarini nishonga oldi. Ikkinchi davlatdagi harbiy obyektga jiddiy zarar yetdi. Hozirgacha urushda zarar ko‘rgan Bahrayndagi bazani tiklash uchun, taxminan, 400 million dollar talab etilishi mumkin. Rasman ikki davlatning o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 8-apreldan beri amal qilmoqda, biroq o‘shandan beri AQSH va Eron uni bir necha bor buzgan.








