Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida ayol bir necha bolani kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 19-iyun kuni Sharof Rashidov tumanida yashovchi fuqaro M.I. tuman IIBga murojaat qilib, 2015-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qiz farzandi mahalladoshi N.N. tomonidan haqorat qilinib, tan jarohati yetkazilganini bildirib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, qizda “sog‘liqning buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohati” aniqlangan.
Shuningdek, 2026-yil 20-iyun kuni fuqaro N.N. ham tuman IIBga murojaat qilib, mazkur voqea davomida uning voyaga yetmagan farzandlariga ham tan jarohati yetkazilganini ma’lum qilgan. Ushbu holat yuzasidan ham sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Hozirda holat yuzasidan Sharof Rashidov tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Yakunda qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy qaror qabul qilinishi bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, Sirdaryo viloyati Guliston shahrida 15-may kuni ayol o‘g‘li bilan urishgan bolani kaltaklagandi. IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.








