Isroil va HAMAS o‘rtasida urushni to‘xtatish borasida kelishuvga erishilgan bo‘lsa-da, 19-oktyabr kuni G‘azo yana Isroil tomonidan qonga botirildi. Tel-Avivning bildirishicha, Isroil armiyasi HAMAS tomonidan sulh ochiqchasiga buzilganiga javoban hujum uyushtirgan.
Isroil harbiylarining ma’lum qilishicha, janubiy G‘azoda joylashgan Rafah shahrida terrorchilar tankka qarshi raketa uchirgan va o‘q uzgan. Natijada ikki nafar Isroil askari halok bo‘lgan. Shundan so‘ng, Isroil janubiy G‘azoga zarbalar bera boshlagan. HAMAS esa, o‘z navbatida, Isroil nazoratidagi hududda hech qanday to‘qnashuv bo‘lgani haqida xabari yo‘qligini bildirgan.
19-oktyabr kuni kechga borib Isroil butun G‘azo bo‘ylab HAMAS nishonlariga zarbalar berganini bildirdi. Mahalliy shifoxonalar manbalariga ko‘ra, hujumlar oqibatida 44 kishi halok bo‘lgan.
HAMAS o‘z bayonotida sulhga sodiq ekanini, biroq Isroil tomonidan bir necha marotaba buzilishlar kuzatilganini ta’kidlab, agar bu davom etsa, sulh to‘liq qulash yoqasiga kelib qolishi haqida ogohlantirgan.
Isroil mudofaa kuchlari yarim tunda sulhni qayta tatbiq etishni boshlaganini e’lon qilib, bitimga sodiq qolishini, lekin har qanday buzilishlarga qat’iy javob berishini ma’lum qildi. O‘z navbatida savol tug‘iladi: HAMAS va Isroil o‘rtasidagi tinchlik sulhi qay darajada mustahkam?
Siyosatshunos Habibullo Azimov “Daryo” jurnalisti bilan suhbatda HAMAS Isroil va AQSH qo‘ygan talablarning barchasini bajarishga ishonmasligini, tinchlik kelishuvi esa vaqtincha bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
“Isroil va HAMAS o‘rtasidagi tinchlik sulhi, ikki tomonning o‘zaro xohish-istaklaridan ko‘ra xalqaro bosim, jumladan AQSH va Yevropa Ittifoqining bosimlari o‘laroq tuzilgan kelishuv. So‘nggi vaqtlarda Isroilning G‘azo sektorida olib borayotgan genotsidi Amerika va Yevropa mamlakatlarining ichida keskin norozilikka sabab bo‘layotgan edi. Natijada, o‘zini “tinchlik” prezidenti deb e’tirof etayotgan Donald Tramp urushni to‘xtatish uchun siyosiy qadamlar tashladi. Ammo G‘azodagi urushni to‘xtatishga bag‘ishlangan, Misrda bo‘lib o‘tgan tinchlik sammitida Isroil tomoni ham, HAMAS tomondan ham hech kim ishtirok etmadi.
Misrda erishilgan sulhdan 10 kun o‘tib, Isroil HAMAS sulhni buzganligi tufayli yana zarbalarni amalga oshirdi. Bitimning birinchi qismi oxiriga yetmasdan shunday muammolar kuzatilmoqda. Shu vaqtgacha Isroil HAMAS bilan qilingan 43 ga yaqin kelishuvni buzgan. O‘z navbatida, HAMAS tomonidan ham sulh buzish holatlari kuzatilgan.
Kelishuvga ko‘ra, HAMAS butunlay qurollarini tashlashi, barcha asirlarni qaytarishi, yer osti tunnellarini yopishi, o‘z navbatida Isroil esa egallab olgan hududlaridan chiqib ketishi kerak. Ammo kelishuvga kafolat beruvchi davlatlar – AQSH, Turkiya, Qatar va Misr kabi mamlakatlarning kelishuvning kelajagi borasida boshi qotgan. Chunki HAMAS butunlay taslim bo‘lishi kerak.
Meni o‘ylashimcha, bu kelishuv vaqtincha. Boisi, AQSH va Isroil qo‘yayotgan shartlarni HAMAS qabul qilmaydi. Shuning uchun bu kelishuv uzoq muddat amalda bo‘lmasligiga falastinliklarning o‘zi ham ishonmayapti”, dedi u.
Isroil G‘azodan chiqib ketadimi?
Hozirda Isroil armiyasi G‘azo hududining 50 foizdan ortig‘ini nazorat qilmoqda. Tramp rejasida Isroilning G‘azodan chiqishi bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa-da, unda ba’zi jihatlar qat’iy “ha” yoki “yo‘q” shart sifatida belgilangan.
Sulh shartlari orasida HAMASning qurolsizlanishini tekshirish, xalqaro xavfsizlik kuchlarini joylashtirish, va G‘azo uchun muqobil boshqaruv tizimini yaratish kabi muhim masalalar bor. Isroil Bosh vaziri Benjamin Netanyaxu 10-oktyabr kuni shunday degan edi:
“Bitimning ikkinchi bosqichida HAMAS qurolsizlantiriladi va G‘azo mintaqasi harbiy kuchlardan tozalanadi. Bu Tramp rejasiga muvofiq diplomatik yo‘l bilan bo‘lishi mumkin, yoki biz buni harbiy yo‘l bilan amalga oshiramiz”.
Trampning keng qamrovli rejasining 13 va 16 bandlarida Isroilga G‘azoda harbiy kuchlarini saqlab qolish huquqi berilgan. Bu orqali HAMASning harbiy salohiyatini butunlay yo‘q qilish va uni qayta tiklanmasligini ta’minlash nazarda tutilgan.
HAMAS qurollarini tashlasa, Isroil armiyasi G‘azoni butunlay tark etadimi? Mutaxassisning fikricha, G‘azodagi boshqa qurolli guruhlar Isroil harbiylari bilan to‘qnashsa, Tel-Aviv buni sulh shartlarini buzilishi deya talqin qilib, G‘azoga qayta bosqinni amalga oshirishi mumkin.
“Bu juda murakkab savol. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu atrofidagi vazirlar G‘azo sektorini butunlay egallash kerak, degan fikrda. Isroil bosh vaziri va AQSH prezidenti ham agar Isroil armiyasiga G‘azo sektorida kimdir hujum qilsa, buning badali og‘ir bo‘lishini bildirgan. Lekin hech kim kafolat bermaydi-ki, ertaga boshqa qurolli guruhlar Isroil harbiylari bilan to‘qnashmasligiga. Isroil buni sulh bitimining buzilishi sifatida talqin qilib, G‘azo sektoriga yana bostirib kirishi mumkin”, deydi siyosatshunos.

AQSH Isroilni tiyib tura oladimi?
Yakshanba kuni Vashingtonga yetib kelgan AQSH prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga bergan izohida, sulh hanuz kuchda ekanini bildirgan. U HAMASni shovqin-suron ko‘tarayotgan deb atab, ehtimol, bu ularning ichidagi ba’zi qo‘zg‘olonchi guruhlarning ishi bo‘lishi mumkinligini aytdi.
AQSH vositachiligida tuzilgan sulh bitimining birinchi bosqichi 10-oktyabrda kuchga kirgan edi. Unga muvofiq: janglar darhol to‘xtatilgan, Isroil qo‘shinlarining bir qismi G‘azo shimoli, sharqi va janubidagi “sariq chiziq” deb atalgan chegaragacha orqaga chekingan va gumanitar yordam G‘azo hududiga kirishni boshlagan edi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, sulhni saqlab qolish uchun endi AQSHning bosimi muhim sanalmoqda. Shu maqsadda Trampning maxsus vakili Stiv Vitkoff va kuyovi Jared Kushner yaqinda Isroilga borishi kutilmoqda.
Siyosatshunosning ta’kidlashicha, agar Isroil sulh buzilganini iddao qilib, G‘azoga bostirib kirgan taqdirda, buni hech kim to‘xtata olmaydi. Bu na Misrning, na Turkiyaning qo‘lidan kelmaydi.
“Isroilga dunyodagi hech bir davlat bosim o‘tkazish qobiliyatiga ega emas. Hatto, AQSH prezidenti Donald Tramp ham bir necha bor Netanyaxuni tinchlik muzokaralariga chaqirdi. Lekin Isroil bosh vazirini buni inkor qilib keldi. Agar Isroil sulh buzilganini iddao qilib, G‘azoga bostirib kirgan taqdirda, buni hech kim to‘xtata olmaydi. Bu na Misrning, na Turkiyaning qo‘lidan kelmaydi.
Biz umid qilamizki, G‘azoda tezroq tinchlik o‘rnatiladi, odamlar oldingi hayot tarziga qaytadi. Biroq kelishuvdan keyin ham Isroil provokatsiyalarni to‘xtatmayapti. Misol uchun, sulhga ko‘ra G‘azoga bir kunda 600 ta yuk mashinasida oziq-ovqat mahsulotlari kirishi belgilangan. Ammo Isroil tomoni bir kunda 100-200 ta yuk mashinasini chegaradan o‘tkazmoqda. Ya’ni Isroil bu kelishuvdan rozi emas va buni HAMASning yutug‘i deb ham qarash kerak emas”, dedi Habibullo Azimov.

G‘azoni kim qayta tiklaydi?
Uzoq urush davomida G‘azoning katta qismi vayron bo‘lgan. Isroil hanuz uning yarmidan ortig‘ida o‘z harbiylarini ushlab turibdi. Aholining ko‘pchiligi esa uy-joysiz qolgan. Shu bois g‘azoliklar ocharchilikni jilovlash uchun oziq-ovqat paketlaridan tortib, shifoxonalarni, ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini ta’mirlash ehtiyot qismlarigacha bo‘lgan barcha narsalarga muhtoj. Qishda esa ularga chodirlar va issiqlik vositalari zarur bo‘ladi.
G‘azoda yordamni yetkazish uchun yo‘llarni tozalovchi texnika, yuk mashinalari uchun ehtiyot qismlar kerak. Gumanitar tashkilotlar bu ishni bajarishga tayyor, lekin ular faqat ruxsat berilgandagina buni amalga oshira oladi. Bu esa hozircha Isroil va Tramp ma’muriyatining siyosiy bosimiga bog‘liq.
Sulhning birinchi bosqichi yordam hajmini oshirish va garovlar savdosini bitirishga imkon berdi, lekin G‘azoni kim tiklaydi? Bu jarayonni kim moliyalashtiradi degan savollar ochiq qolmoqda.

Bugun G‘azoni qayta tiklash masalasi Yaqin Sharq siyosatining eng murakkab sinovlaridan biriga aylanmoqda. Yordam berishga va’da bergan davlatlar ko‘p, ammo real tiklanish yo‘q. Sababi oddiy — hech kim bu hududni kim boshqarishini bilmaydi.
AQSH tiklanish jarayoni siyosiy yechimsiz bo‘lmaydi desa, Yevropa davlatlari xavfsizlik kafolatlarisiz mablag‘ ajratishni istamayapti. Arab davlatlari, xususan Qatar va Saudiya Arabistoni, yordamni siyosiy shartlarga bog‘lamoqda. Isroil esa hali ham G‘azo qurolsizlantirilmaguncha tiklanish bo‘lmaydi, degan pozitsiyada turibdi.
Natijada, G‘azoda bolalar maktabsiz, oilalar uy-joysiz, iqtisod esa butunlay falaj. BMT hisobotlariga ko‘ra, hududning 70 foiz infratuzilmasi vayron, ammo tiklanish uchun zarur mablag‘larning atigi bir qismi ajratilgan, xolos.
Bu jarayonni tahlilchilar “yangi mustamlakachilik” deb atay boshlashdi: kim mablag‘ bersa — o‘sha siyosiy ta’sir o‘rnatadi. Shu bois, G‘azoni tiklash nafaqat qurilish loyihasi, balki geosiyosiy maydonning yangi bo‘linishidir.








