Daryo

Kongo DR O‘zbekistonni mag‘lub etib, 52 yillik antirekordiga barham bermoqchi — Reuters

Garchi matematik jihatdan har ikki jamoada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati saqlanib qolgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari qatoriga kirish uchun juda yirik hisobda zafar quchishi talab etiladi.

2 daqiqa o‘qish56 456 ko‘rishlar0 izoh42

Jahon chempionati guruh bosqichining so‘nggi turida Kongo DR hamda O‘zbekiston terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi. Ushbu uchrashuvdagi g‘alaba afrikaliklar uchun nafaqat pley-off eshiklarini ochishi, balki 52 yil avvalgi muvaffaqiyatsizlikka barham berishi ham mumkin.

Garchi matematik jihatdan har ikki jamoada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati saqlanib qolgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari qatoriga kirish uchun juda yirik hisobda zafar quchishi talab etiladi. Mundial debyutanti bo‘lgan O‘zbekiston dastlabki ikki turda Kolumbiya va Portugaliyaga imkoniyatni boy berib, o‘z darvozasidan 8 ta to‘p olib chiqqan. Kongo DR hisobida esa 1 ochko mavjud — jamoa ilk turda Portugaliya bilan durang o‘ynab (1:1), keyin Kolumbiyaga mag‘lub bo‘lgan.

Agar afrikaliklar Atlanta shahridagi o‘yinda g‘alaba qozonsa, ochkolari soni 4 taga yetadi va pley-off masalasi ijobiy hal bo‘ladi. E’tiborlisi, jamoaning ushbu turnirga yetib kelishi oson kechmagan. Saralashda Kamerun va Nigeriya to‘sig‘idan o‘tgan kongoliklar o‘tish o‘yinida Yamaykani taslim etib, jami 13 ta uchrashuvdan so‘ng JCH yo‘llanmasiga ega chiqqan.

Bu Kongo DR uchun tarixdagi ikkinchi Jahon chempionati hisoblanadi. Mamlakat bundan roppa-rosa 52 yil avval, ya'ni 1974-yili Zair nomi ostida mundialda ishtirok etib, uchta o‘yinda 14 ta gol o‘tkazib yuborgan va birorta ham to‘p kirita olmagan. O‘shanda ularning ishtiroki qattiq tanqidlarga sabab bo‘lgan.

“52 yildan so‘ng 1974-yildagi yomon xotiralarni unutish imkoniyatining o‘ziyoq ulkan muvaffaqiyat sanaladi. Jahon chempionatida bundan keyin nima bo‘lishi — bu shunchaki bonus. Keyingi bosqichga o‘tish esa ajoyib natija bo‘lardi”, deydi mamlakatning sobiq sport vaziri Kabulo Mvana.

O‘z navbatida, O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Fabio Kannavaro shogirdlari xalqaro maydonda qimmatli tajriba to‘playotganini va ilk ochkolarni qo‘lga kiritishga harakat qilishini ta’kidladi.

“Men futbolchilardan yanada jasoratliroq bo‘lishni, shunchaki futbol o‘ynashni va qo‘rqmaslikni so‘radim. Agar sizda shunday ruhiyat bo‘lsa, ham jamoaviy, ham yakka tartibda o‘sishingiz mumkin”, deydi Kannavaro.

Ma’lumot uchun, K guruhida Kolumbiya 6 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, Portugaliya 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Kongo hisobida 1 ochko mavjud. O‘zbekiston esa dastlabki ikki turdagi mag‘lubiyatdan so‘ng ochko jamg‘ara olmagan. 3-turda Kongo hamda O'zbekiston terma jamoalari guruhdagi 3-o‘rin uchun bahs olib borishadi. Uchrashuv 28-iyun kuni Toshkent vaqti bilan 04:30da Atlanta shahridagi "Mercedes-Benz Stadium"da bo'lib o'tadi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar