Daryo

“Ronaldu O‘zbekiston darvozasiga 3 ta gol urishi mumkin” — Mayk Ouen

Angliya terma jamoasi va “Liverpul” klubining sobiq hujumchisi Maykl Ouen JCH—2026 doirasidagi omadsiz o‘yindan so‘ng tanqidlarga uchrayotgan Krishtianu Ronaldu haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

2 daqiqa o‘qish7 436 ko‘rishlar0 izoh8

Angliya terma jamoasi va “Liverpul” klubining sobiq hujumchisi Maykl Ouen JCH—2026 doirasidagi omadsiz o‘yindan so‘ng tanqidlarga uchrayotgan Krishtianu Ronaldu haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Sobiq futbolchi portugaliyalik hujumchining tez orada o‘z so‘zini aytishiga, xususan, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi bahsda o‘zini to‘liq ko‘rsatishiga ishonmoqda.

Ouenning fikricha, Messining muvaffaqiyati Ronalduni yanada kuchliroq bosim ostida qoldirgan. U JCHdagi o‘yinlar atrofida yuzaga kelgan vaziyatni shunday izohlaydi:

“Portugaliya terma jamoasining o‘yinidan bir kun oldin Lionel Messi xet-trik qayd etgani Krishtianu Ronalduning foydasiga ishlamagani aniq. Portugaliya Kongo DR bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi va bu o‘yinda ular unchalik yaxshi taassurot qoldirmadi. Shundan so‘ng ko‘pchilik Ronalduni jamoa uchun asosiy muammo sifatida ko‘rsata boshladi. Ammo men unga nisbatan bildirilayotgan bu tanqidlarni qabul qilmayman”.

Ouenning fikricha, 41 yoshli Ronaldu yillar davomida aynan shunday uslubda o‘ynab kelgan, shu bois uni hozirgi holati uchun ayblash noo‘rin:

“Axir u o‘zi azaldan shunday o‘ynamas edimi? U hech qachon, ayniqsa, so‘nggi yillarda o‘yinni tashkil qilishda faol qatnashadigan futbolchi bo‘lmagan. Biroq, katta lahzalar va hal qiluvchi vaziyatlar kelganda, u doim o‘z joyida bo‘ladi. Agar u gol urmasa, barcha aybni Ronalduga ag‘darish juda oson. Albatta, 41 yoshli o‘yinchining imkoniyatlariga shubha bilan qarashlari tabiiy hol”.

Maykl Ouen so‘zida davom etarkan, Ronaldu har doim o‘ziga nisbatan aytilgan tanqidlarga faqatgina maydondagi harakatlari va gollari bilan javob qaytarganini eslatib o‘tdi:

“Bunday holatlar oldin necha marta sodir bo‘lgan? U har safar keyingi o‘yindayoq barchaning ovozini o‘chirib qo‘ygan. Agar siz Ronalduni asosiy tarkibda tushirayotgan bo‘lsangiz, uning maydonda qanday vazifani bajarishini va nima uchun u yerda ekanligini to‘g‘ri qabul qilishingiz kerak. Agar u navbatdagi turdan o‘rin olga O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘yinda xet-trik qayd etib, o‘zining munosib javobini qaytarsa, men aslo ajablanmagan bo‘lardim”.

Ma’lumot uchun, Portugaliya terma jamoasi Jahon chempionatining ilk turida Kongo DRga qarshi maydonga tushib, 1:1 hisobida durang o‘ynagan. O‘zbekiston esa Kolumbiyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan.  Fabio Kannavaro jamoasi navbatdagi o‘yinini aynan Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi. Ushbu bahs 23-iyun kuni Toshkent vaqti bilan 22:00 da boshlanadi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar