Portugaliya terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionati uchun yakuniy tarkibni e’lon qildi. E’tiborli jihati, ushbu turnir qaydnomasidan 41 yoshli hujumchi Krishtianu Ronaldu ham joy oldi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Roberto Martines tomonidan e’lon qilingan tarkib va “An-Nassr“ hujumchisining ushbu roʻyxatga kiritilishi bugungi kunning eng asosiy mavzusiga aylandi.
Ronaldu uchun ushbu musobaqa faoliyatidagi oltinchi Jahon chempionati boʻladi va bu futbol tarixidagi mutlaq rekorddir. Krishtianu saralash bosqichida 5 ta gol urib, jamoasining eng yaxshi toʻpurari boʻldi, jamoadoshlari esa turnirdagi asosiy maqsad aynan Ronaldu bilan birga va u uchun Jahon Kubogini qoʻlga kiritish ekanini ta’kidlamoqda.
Portugaliya AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan turnirga juda kuchli va muvozanatlashgan tarkib bilan yoʻl oladi.
Eslatib oʻtamiz, JCH-2026 guruh bosqichida Portugaliya terma jamoasi “K” guruhida Oʻzbekiston, Kolumbiya va Kongo terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi mundialning ikkinchi turi doirasida 23-iyun kuni Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi bilan oʻynaydi. Mazkur bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da AQSHdagi “Hyuston” stadionida start oladi.








