Daryo

AQSH Suriyaga aviazarba berib, ISHID yetakchisini o‘ldirdi

Qurbon Qo‘shma Shtatlar hududiga yoki fuqarolariga hujum qilishni rejalashtirganlikda ayblandi.

1 daqiqa o‘qish5 959 ko‘rishlar0 izoh3

AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) 24-iyun kuni o‘z kuchlari Suriyaga aviazarba berganini bildirdi. Amaliyot natijasida ISHID guruhining yuqori martabali a’zosi yo‘q qilindi.

“AQSH kuchlari bu havo zarbasini 19-iyun kuni Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismida amalga oshirdi. Natijada ISHID yetakchilaridan biri halok bo‘ldi”, deya CENTCOM X ijtimoiy tarmog‘ida rasmiy bayonot berdi.

Terrorchilikka qarshi kurash

Ma’lum qilinishicha, hujum oqibatida Ali Husayn al-Ulayviy o‘ldirilgan. Bu amaliyot AQSH hududiga yoki fuqarolariga hujum qilishni rejalashtirayotgan “terrorchilar” faoliyatiga chek qo‘yish va ularni yo‘q qilish bo‘yicha davom etayotgan harakatlarning bir qismidir. Qo‘mondonlik AQSH kuchlari mintaqaviy hamkorlar bilan birga ishlashda davom etayotganini qo‘shimcha qildi.

CENTCOM qo‘mondoni, admiral Bred Kuper guruhni butunlay mag‘lub etish uchun kurash davom etishini ta’kidladi.

“CENTCOM va bizning hamkorlarimiz ISHID butunlay yo‘q qilinishini ta’minlash uchun uning qolgan qoldiqlarini ham ildizi bilan sug‘urib tashlash majburiyatiga sodiq qoladi”, dedi Kuper.

Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSH o‘z vatani, harbiy xizmatchilari hamda mintaqadagi ittifoqchilari va hamkorlarini himoya qilishni davom ettiradi. Qo‘shma Shtatlar yanvar oyida ham Suriyada harbiy operatsiya o‘tkazib, “Al-Qoida” bilan aloqador bo‘lgan “terrorchi” yo‘q qilinganini ta’kidlagandi. 

CENTCOM’ning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ma’lum qilinishicha, aviazarba 16-yanvar kuni Suriyaning shimoli-g‘arbiy hududlaridan biriga berilgan. Operatsiya davomida “Al-Qoida” bilan aloqador bo‘lgan va ISHID terrorchisi bilan bevosita aloqa o‘rnatgan Bilol Hasan al-Qosim o‘ldirilgan. Markaziy qo‘mondonlik ma’lumotlariga ko‘ra, aynan shu shaxs 2025-yil 13-dekabrda sodir etilgan va uch nafar amerikalikning o‘limiga sabab bo‘lgan hujum uchun mas’ul hisoblanadi.

ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar