AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Suriyada o‘tkazilgan maxsus operatsiya natijasida “Al-Qoida” bilan aloqador bo‘lgan “terrorchi” yo‘q qilingani haqida hisobot berdi.
CENTCOM’ning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ma’lum qilinishicha, aviazarba 16-yanvar kuni Suriyaning shimoli-g‘arbiy hududlaridan biriga berilgan. Operatsiya davomida “Al-Qoida” bilan aloqador bo‘lgan va ISHID terrorchisi bilan bevosita aloqa o‘rnatgan Bilol Hasan al-Qosim o‘ldirilgan. Markaziy qo‘mondonlik ma’lumotlariga ko‘ra, aynan shu shaxs 2025-yil 13-dekabrda sodir etilgan va uch nafar amerikalikning o‘limiga sabab bo‘lgan hujum uchun mas’ul hisoblanadi.
Uch nafar amerikalik uchun qasos
CENTCOM qo‘mondoni admiral Bred Kuper mazkur operatsiya yuzasidan shunday dedi:
“Uch nafar amerikalikning o‘limiga sababchi bo‘lgan terrorchining yo‘q qilinishi bizning kuchlarimizga hujum qilgan terrorchilarni ta’qib qilishdagi qat’iyatimizni ko‘rsatadi. Amerika fuqarolari va jangchilariga hujum qiladigan, rejalashtiradigan yoki ularni ilhomlantiradiganlar uchun xavfsiz joy yo‘q. Biz sizni baribir topamiz”.
Ma’lumot o‘rnida, 2025-yil 13-dekabr kuni Suriyada ISHID terrorchisi tomonidan uyushtirilgan qurolli hujum oqibatida ikki nafar AQSH harbiy xizmatchisi va bir nafar tarjimon halok bo‘lgan edi. O‘sha to‘qnashuvda yana uch nafar harbiy jarohatlangan, hujum qilgan terrorchining o‘zi esa otishmada o‘ldirilgan edi.
Ushbu hujumni AQSHning Anqaradagi elchisi va Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barrak keskin qoralagan edi. AQSH prezidenti Donald Tramp esa mazkur voqeaga nisbatan javob zarbasi berilishini ta’kidlagan edi.
ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.








