Daryo

Fransiyada issiqdan saqlanmoqchi bo‘lgan 40 kishi cho‘kib ketdi

Qurbonlar nazorat qilinmaydigan hududlarda cho‘milgan. Jazirama tufayli transportda uzilishlar kuzatilmoqda. Sotuvda ventilyatorlar tugab qolgan.

3 daqiqa o‘qish4 726 ko‘rishlar0 izoh1

Yevropani anomal issiq to‘lqini qopladi. Odamlar jaziramadan qochishga urinmoqda. Fransiyada dam olish kunlaridan beri 40 kishi cho‘kib ketdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Sebastyan Lekornu 23-iyun kuni ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, qurbonlar nazorat qilinmaydigan hududlarda cho‘milgan. Fransiyaning katta qismida issiqlik xavfi e’lon qilingan. Meteo France xizmati xabariga ko‘ra, 23-iyun kuni havo harorati 40 darajagacha ko‘tariladi. Mamlakat g‘arbidagi ayrim hududlarda esa issiqlik 43 darajaga yetishi kutilmoqda.

Butun mamlakat bo‘ylab yoshlar va boshqa aholi salqinlash uchun kanal hamda daryolarda cho‘milmoqda. Fransiya sport vaziri Marina Ferrari odamlarning jaziramadan qochish istagini tushunishini aytdi. Biroq u ruxsat berilmagan va xavfli joylarda cho‘milmaslik haqida ogohlantirdi.

Sebastyan Lekornyu issiq to‘lqini bo‘yicha favqulodda yig‘ilish oldidan bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 18-iyundan beri issiq tufayli 40 ta cho‘kish holati qayd etilgan. Vaziyatga qarshi kurashish maqsadida Parijning bir daxasida 25 yoshdan kichik va 65 yoshdan oshgan shaxslarga kinoteatrlarga bepul chiptalar tarqatildi. Bundan maqsad odamlar konditsionerli salqin joyda dam olishidir.

Tadbirkorlik sekinlashdi

Parijda ishga qatnaydigan odamlar issiqdan qattiq aziyat chekmoqda. Ko‘p qavatli uylar issiqqa moslashmagani uchun aholi tunda yaxshi uxlay olmayapti. Metroda ko‘pchilik qo‘l ventilyatorlaridan foydalanmoqda.

Ayrim poyezdlar, jumladan, Parij va Bryussel o‘rtasidagi qatnovlar bekor qilingan. Parijning bir qancha joylarida talab keskin ortgani sababli do‘konlarda elektr ventilyatorlar tugab qolgan. Biznes rahbarlarining aytishicha, iqtisodiyot ham zarar ko‘rmoqda.

“Fransiya sekin sur’atda ishlamoqda. Korxonalar imkon qadar xodimlarini himoya qilish bo‘yicha tavsiyalarni bajarmoqda”, dedi Fransiyaning MEDEF ish beruvchilar guruhi rahbari Patrik Marten.

Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya va Belgiyada ham jazirama

Italiya Sog‘liqni saqlash vazirligi 15 ta shahar uchun eng yuqori darajadagi xavfni e’lon qildi. Hukumat ayrim tarmoqlarda ish vaqtini to‘xtatish yoki qisqartirish choralarini ko‘rdi. Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, 23-iyun kuni kunduzi Alp va Apennin tog‘larida kuchli shamol, kuchli yomg‘ir va vaqti-vaqti bilan do‘l olib keladigan bo‘ronlar paydo bo‘lishi kutilmoqda. Ba’zilari kunning oxirida shimoliy tekisliklarga tarqaladi.

Britaniya ham issiq changalida qolgan. Met Office sinoptiklari 23-iyun kuni Angliya janubida harorat 37 darajagacha ko‘tarilishini prognoz qilmoqda. Bu iyun oyi uchun yangi rekord bo‘lishi mumkin. 24-25-iyun kunlari harorat yanada ko‘tariladi. O‘nlab maktablar darslarni erta tugatishini ma’lum qildi. Bunga eski binolarning 30 dan ortiq bola o‘tiradigan sinfxonalar uchun mos kelmasligi sabab bo‘lmoqda.

Ispaniya davlat meteorologiya agentligi mamlakatning ayrim hududlarida qizil darajadagi xavfni e’lon qildi. Ular harorat 44 darajaga yetishi mumkin bo‘lgan xavfli issiqdan ogohlantirmoqda. Mamlakatda 22-iyun kuni ham o‘ta issiq bo‘lgan edi, Anduxarda harorat 45 darajadan oshdi.

Belgiyada ham havo harorati keskin ko‘tarildi. Bryussel yaqinidagi Tervuren shahridagi boshlang‘ich maktab yakuniy imtihonlarni yaqin atrofdagi cherkovga ko‘chirishga majbur bo‘ldi.

“Sinfxonada juda issiq, shuning uchun imtihonlarni cherkovda topshiramiz”, deb yozdi maktab o‘zining Instagram sahifasida.

Bundan oldin Fransiyada jazirama sabab 18 kishi vafot etgani haqida xabar berilgandi. Yevropaning katta qismiga ta’sir ko‘rsatayotgan bu jazirama to‘lqin “Omega bloki” sifatida tanildi.

Bunga sabab, atmosferadagi havo oqimlari yunon alifbosidagi Ω (omega) harfiga o‘xshash shakl hosil qiladi: markazda issiq havo to‘planadi, uning ikki tomonida esa nisbatan salqin havo joylashadi. Shu tufayli issiq havo uzoq vaqt bir hudud ustida saqlanib qolib, kuchli issiq to‘lqinlarini yuzaga keltirmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar