2026-yil may oyida Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya surʼati 5,5 foizgacha sekinlashdi. Biroq aholiga sezilgan narxlar oshish darajasi bundan ancha yuqori shakllangan.
Markaziy bank tahliliga koʻra, oʻtgan oyda aholiga sezilgan inflyatsiya darajasi yillik 10,3 foizni tashkil etdi. Bu apreldagidan 0,8 foizga past.
Sohalar kesimida sezilgan inflyatsiya
Sohalar va hududlar kesimida narxlar oʻsish surʼati oʻrtacha koʻrsatkichdan (10,3 foiz) farq qiladi. Masalan, oy davomida pensionerlar tovar va xizmatlar qiymati 13 foiz oshganini bildirgan. Bu boshqa sohalar bilan taqqoslaganda eng yuqori narx oʻsishi hisoblanadi.
Keyingi oʻrinda IT va ommaviy axborot vositalari vakillariga sezilgan inflyatsiya darajasi ham nisbatan yuqori boʻlgan — 12,1 foiz. Shuningdek, bank va moliya (11,3 foiz), tashish (11,2 foiz), davlat xizmati (10,9 foiz), qurilish (10,6 foiz) umumiy ovqatlanish (10,5 foiz) va savdoda (10,4 foiz) narxlar oʻrtachadan baland oʻsgan.
Oʻtgan oyda aholi orasida talabalarga inflyatsiya eng past darajada sezilgani qayd etilgan — 8,9 foiz.
Qaysi hududda narxlar tezroq oshdi?
2025-yil mayidan 2026-yil iyunigacha oʻtgan davrda narxlar eng yuqori surʼatda oshgan hudud Fargʻona viloyati boʻlgan— 12,2 foiz. Yana Samarqand viloyatida 12,1 foiz, Toshkent shahrida 12 foiz oʻsish kuzatilgan. Sirdaryo (11 foiz), Jizzax (10,9 foiz), Buxoro (10,8 foiz) viloyatlarida ham narxlar oʻrtachadan yuqori shakllangani qayd etilgan. Eng past sezilgan inflyatsiya darajasi Navoiy viloyatida boʻlgan — 7,9 foiz.
Nimalar qimmatlashdi?
Aholi may oyida goʻsht va sut hamda yoqilgʻi mahsulotlari narxlarida yuqori oʻsish kuzatilganini bildirgan. Shu bilan birga, meva-sabzavotlar, elektr va tabiiy gaz, dorilar, qurilish mollari, yoʻlkira hamda tashish xizmatlari narxi yuqorilagani bildirilgan.
Daromadi oyiga 4 million soʻmdan yuqori boʻlgan aholining sezilgan inflyatsiya darajasi nisbatan yuqori shakllandi. Eng baland darajada sezilgan narxlar oʻsishi har oy 30 million soʻmdan koʻp pul topadiganlarda kuzatilgan —13,5 foiz. Keyingi oʻrinda 20-30 million soʻm topuvchilar narxlar 12,4 foizga oshganini bildirgan.








