Daryo

Kolumbiya Trampni prezidentlik saylovlariga aralashishda aybladi

Amaldagi prezident Gustavo Petro AQSH yetakchisining o‘ng qanot nomzodini ochiq qo‘llab-quvvatlayotganini suverenitetga aralashish deb baholadi. Ikki haftadan so‘ng mamlakatda hal qiluvchi saylov bo‘lib o‘tadi.

2 daqiqa o‘qish5 652 ko‘rishlar0 izoh2

Kolumbiyaning amaldagi prezidenti Gustavo Petro CBS News telekanaliga intervyu berdi. U AQSH yetakchisi Donald Trampni Kolumbiyadagi prezidentlik saylovlariga aralashishda aybladi.

Ikki haftadan kamroq vaqt ichida Kolumbiyada prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Unda Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan o‘ng qanot nomzod Abelardo de la Espriella hamda amaldagi prezidentning siyosatini davom ettirishga va’da berayotgan so‘l qanot senatori Ivan Sepeda o‘zaro kuch sinashadi. Birinchi bosqichda Espriella 43,7 foiz, Sepeda esa 40,9 foiz ovoz toplagan.

Tramp birinchi bosqichdan so‘ng o‘ng qanot nomzodini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilgandi. Petro buni mamlakat suverenitetiga aralashish deb hisoblamoqda. Uning aytishicha, AQSH hukumati mafkuraviy sabablarga ko‘ra narkotiklarga qarshi kurashdagi hamkorlikni to‘xtatgan va mafkuraviy jihatdan o‘ziga yaqin kuchlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Giyohvandlikka qarshi kurash muammosi

Petro o‘z boshqaruvi davrida koka o‘simligi (kokain uchun asosiy material)ni majburiy yo‘q qilish choralaridan voz kechganini tan oldi. Avvalgi prezident davrida yiliga 130 ming gektar koka yo‘q qilingan bo‘lsa, Petroning davrida bu ko‘rsatkich 9 ming gektarga tushib ketgan, ya’ni 90 foizga kamaygan.

“Men majburiy yo‘q qilishni xohlamayman, chunki bu usul foyda bermaydi, ajratilgan pullar esa o‘g‘irlanadi. Men dehqonlarni nishonga olishni, ularning uylarini yoqishni va qamoqqa olishni to‘xtatdim. Buning o‘rniga ular bilan gaplashib, kokani boshqa ekinlarga ixtiyoriy almashtirish chorasini ko‘rdim”, dedi Petro.

Biroq tahlilchilar va ekspertlar ushbu siyosatni tanqid qilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda koka yetishtirish hajmi kamaymagan, aksincha, 2024-yilda kamida 9 ming gektarga ko‘payib, jami 262 ming gektarga yetgan. Shuningdek, hukumat ixtiyoriy almashtirish dasturlari uchun ajratilgan mablag‘larning atigi 8 dan 15 foizigacha bo‘lgan qismini ishlatgan, xolos.

Jinoyatchilik va xavfsizlik

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, Petro davrida uyushgan jinoiy guruhlarning ta’siri va hududiy nazorati kuchaygan. Prezident mamlakatda qotilliklar darajasi barqaror qolganini aytsa-da, buyurtma qotilliklar (sikariato) ko‘payganini inkor qilmadi. U agar saylovda o‘ng qanot kuchlar g‘alaba qozonsa, mamlakatda siyosiy zo‘ravonliklar to‘lqini boshlanishidan ogohlantirdi.

“Kolumbiyada nafrat darhol o‘limga olib keladi. Bugungi kunda yangrayotgan nafratli chaqiriqlar mamlakatda to‘xtatib bo‘lmas zo‘ravonlikni keltirib chiqarishi mumkin”, dedi u.

Keyingi bosqichda nima bo‘ladi?

Saylovning birinchi bosqichida uchinchi o‘rinni egallagan konservator Paloma Valensiyaning 1,6 million ovozi hozirda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Valensiya o‘z saylovchilarini o‘ng qanot nomzodi Espriellaga ovoz berishga chaqirdi.

Espriella saylovda g‘alaba qozonsa, Kolumbiyada 2015-yildan beri taqiqlangan koka dalalarini samolyotlar orqali kimyoviy dorilash amaliyotini qayta tiklashga va’da bermoqda. U narkotik kontrabandachilariga qarshi qat’iy choralar ko‘rish va mamlakatda Salvador prezidenti Nayib Bukele uslubidagi qattiq xavfsizlik tizimini joriy etishni rejalashtirgan.

Bundan oldin Kolumbiya Tashqi ishlar vazirligi Ekvadorni ham prezidentlik saylovlariga aralashishda ayblagandi. Bunga Ekvador yetakchisining prezidentlikka nomzodlardan biri bilan suhbatda boj tariflarini bekor qilishga rozi bo‘lgani sabab bo‘lgandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar