Daryo

Gondurasda yangi prezident saylandi

67 yoshli Nasri Asfura Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan nomzod edi. Ammo ko‘pchilik saylov natijalarini tan olmayapti.

2 daqiqa o‘qish3 756 ko‘rishlar0 izoh1

Gonduras Milliy saylov kengashi (MSK) 30-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan qariyb uch hafta o‘tib, rasmiy natijalarni e’lon qildi. Texnik muammolar, kechikishlar va firibgarlik da’volari fonida o‘tgan saylovda konservativ nomzod, Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Nasri Asfura g‘olib deb topildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Saylov natijalari va raqamlar MSKning 24-dekabr kungi ma’lumotlariga ko‘ra, Asfuraga saylovchilarning 40,3 foizi ovoz bergan. Uning asosiy raqibi, markazchi-o‘ngchi Liberal partiya vakili Salvador Nasralla esa 39,5 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Amaldagi hukmron Libre partiyasi nomzodi Rixi Monkada esa sezilarli farq bilan uchinchi bo‘lib turibdi.

Ovoz berish jarayoni shunchalik chalkash va natijalar bir-biriga yaqin bo‘lganki, g‘olibni aniqlash uchun byulletenlarning qariyb 15 foizi qo‘lda sanab chiqilgan. Natijalar saylov kengashining ikki a’zosi va bir o‘rinbosari tomonidan tasdiqlangan. Kengashning uchinchi a’zosi Marlon Ochoa g‘olib e’lon qilinganayotgan paytda ko‘rinish bermagan.

“Gonduras, boshqarishga tayyorman”

G‘alabasi tasdiqlangach, Asfura X ijtimoiy tarmog‘ida xalqqa quyidagicha murojaat qilgan:

“Gonduras: Men boshqarishga tayyorman. Sizni uyaltirib qo‘ymayman”.

Yangi prezident 2026–2030-yilgi muddati uchun 27-yanvar kuni o‘z lavozimiga kirishadi. Biroq Salvador Nasralla natijalarni tan olishdan bosh tortmoqda. U ayrim byulletenlar hisobga olinmaganini da’vo qilib, Tegusigalpadagi matbuot anjumanida shunday dedi:

“Men kamchiliklarga asoslangan natijani qabul qilmayman. Demokratiya charchoq tufayli yoki bugun 24-dekabr bo‘lgani uchun to‘xtab qolmaydi — bu Gonduras xalqi uchun eng g‘amgin Rojdestvodir”.

Shuningdek, Gonduras Kongressi rahbari Luis Redondo ham natijalarni “mutlaqo qonuniy asosga ega emas” deb atab, rad etmoqda.

Trampning munosabati va “Lotin Amerikasi bloki”

Donald Tramp saylovoldi jarayonlarida 67 yoshli Nasri Asfurani “Gondurasdagi erkinlikning yagona haqiqiy do‘sti” deb atab, ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan edi. Tramp hatto agar Asfura g‘alaba qozonmasa, AQSH mamlakatga yordamni to‘xtatishi bilan tahdid qilgan. Shuningdek, u giyohvand moddalar savdosi uchun AQSHda 45 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan sobiq prezident Xuan Orlando Ernandesni (Asfura bilan bir partiya a’zosi) afv etgan va ozodlikka chiqargan.

Ekspertlarning fikricha, Trampning Asfurani qo‘llab-quvvatlashi uning Lotin Amerikasida Nayib Bukele (El-Salvador) va Xavyer Miley (Argentina) kabi yetakchilardan iborat konservativ blokni shakllantirish strategiyasining bir qismidir. AQSH davlat kotibi Marko Rubio ham Asfurani tabriklab, Vashington yangi ma’muriyat bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Nasri Asfura kim?

Nasri Asfura 1958-yilda Tegusigalpa shahrida falastinlik muhojirlar oilasida tug‘ilgan. Mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-quruvchi (diplomini olmagan bo‘lsa-da). 2013-yilda poytaxt meri etib saylangan va infratuzilma loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgani uchun xalq orasida “Papi, sizning xizmatingizda” degan laqab bilan tanilgan. Prezidentlik kampaniyasi davomida u biznesni qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlari yaratish, ta’lim va xavfsizlikka urg‘u bergan.

Shuningdek, u Gonduras diplomatiyasini Pekindan voz kechib, qaytadan Tayvanga qaratishi mumkinligiga ishora qilgan. Shuni ham ta’kidlash joizki, Asfura hozirda davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va pul yuvishda ayblanib, tergov qilinmoqda. Uning o‘zi bu ayblovlarni “siyosiy fitna” deb atab kelmoqda. Ma’lumot o‘rnida, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish prezidetnlik saylovi bilan bog‘liq tarang vaziyat sabab Gondurasdagi barcha siyosiy partiyalarni o‘ta vazmin bo‘lishga chaqirgan edi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar