Isroil xavfsizlik xizmati (SHABAK)ning sobiq rahbari Ronen Bar va rafiqasi xavf sababli BAAdan zudlik bilan evakuatsiya qilindi. Bu haqda Times of Israel xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sobiq rahbar BAA Tashqi ishlar vaziri al-Nahayan tomonidan tashkil etilgan xavfsizlik masalalari bo‘yicha konferensiyada ishtirok etayotgan edi. Uning Amirliklardagi konferensiyaga jo‘nab ketgani sir saqlangan. Konferensiyada dunyoning turli mamlakatlaridan xavfsizlik, razvedka va qaror qabul qilish tizimlarining yuqori lavozimli xodimlari ishtirok etgan.
Ronen Bar Eron tomonidan unga qarshi hujum uyushtirilishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishdan so‘ng shoshilinch ravishda BAAdan evakuatsiya qilingan. Voqea tafsilotlari sir saqlangan va hozirgacha oshkor etilmagan.
Ronen Bar nafaqaga chiqqanidan keyin ham jamoatchilik bilan muloqot qilishda davom etmoqda. Fevral oyida Isroilning KAN News teleradiokompaniyasi uning siyosiy yetakchilik maktabini tashkil etishni targ‘ib qilish ustida ishlayotgani haqida xabar bergandi. Bu qadam esa siyosiy tizimda tanqidlarga sabab bo‘lgan.








