Toshkent shahrining Uchtepa tumanida Lacetti va BYD avtomobillari ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida uch kishi vafot etdi. Bu haqda “Millar” ko‘rsatuvida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 16-iyun kuni soat 03:10 atrofida Toshkent halqa avtomobil yo‘lining Uchtepa tumanidagi chorrahasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2002-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Lacetti chorrahada keskin chapga burilgan. Shu vaqtda qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan BYD avtomobili bilan to‘qnashuv yuz bergan.
Aniqlanishicha, BYD avtomobilini 2010-yilda tug‘ilgan, hali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan voyaga yetmagan shaxs boshqargan.
Hodisa oqibatida Lacetti haydovchisi hamda 1999 va 2004-yillarda tug‘ilgan ikki yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.
Voqea joyidan olingan tasvirlarda to‘qnashuv kuchli bo‘lgani, yo‘l bo‘ylab avtomobil qismlari sochilib ketgani ko‘rinadi. Voqea guvohlarining aytishicha, zarba oqibatida yo‘l chetidagi bekat konstruksiyasiga ham shikast yetgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
3-iyun kuni Navoiy viloyati Nurota tumanida Tico va Sinotruk rusumli yuk mashinasi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘lgandi.








