Daryo

JCH—2026: Eron Yangi Zelandiya bilan durang o‘ynadi

Uchrashuvda Yangi Zelandiya ikki marta hisobda oldinga chiqib olgan edi, ammo Eron har safar javob golini kiritib, 2:2 hisobini ta’minladi.

1 daqiqa o‘qish7 076 ko‘rishlar0 izoh3

AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionatining “G” guruhida 1-tur uchrashuvlari davom etmoqda. AQSHning Inglvud shahridagi “Sou-Fay” stadionida Eron hamda Yangi Zelandiya terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Qiziqarli va keskik kurashlar ostida o‘tgan mazkur uchrashuvda 2:2 hisobidagi jangovar durang natija qayd etildi.

O‘yinni okeaniya vakillari juda faol boshladi va allaqachon 7-daqiqadayoq Elayja Jast hisobni ochib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Bunga eronliklar 32-daqiqada himoyachi Ramin Rezayan kiritgan gol bilan javob qaytarishdi — 1:1.

Ikkinchi bo‘limda ham shiddatli hujumlar davom etdi. 54-daqiqada Elayja Jast o‘zining ikkinchi golini urib (dubl) Yangi Zelandiyani yana hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq bu ustunlik uzoqqa cho‘zilmadi: oradan 10 daqiqa o‘tib, 64-daqiqada Eron yarim himoyachisi Muhammad Mohebi muvozanatni tiklashga erishdi — 2:2. Uchrashuvga qo‘shib berilgan daqiqalarda ham jamoalar hujumkorlikni tushirmadi, ammo hisob boshqa o‘zgarmadi.

Ayni paytda “G” guruhidagi barcha jamoa hisobida 1 ochkodan bor. Musobaqaning navbatdagi 2-turida Eron terma jamoasi 21-iyun kuni Belgiyaga qarshi maydonga tushadi. Yangi Zelandiya esa 22-iyun kuni Misr bilan kuch sinashadi. 3-tur uchrashuvlari doirasida Eron Misr bilan, Yangi Zelandiya esa Belgiya bilan hisob-kitob qiladi (har ikki o‘yin 27-iyun kuniga belgilangan).

Jahon chempionati
“G” guruhi, 1-tur

Eron — Yangi Zelandiya 2:2
Gollar:
0:1 — Jast (7), 1:1 — Rezayan (32), 1:2 — Jast (54), 2:2 — Mohebi (64)

Ma’lumot o‘rnida, futbol bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha bo‘lib o‘tadi. Turnirning amaldagi g‘olibi Argentina terma jamoasi hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, 2022-yilgi mundial finalida Argentina Fransiyaga qarshi to‘qnash kelgan va asosiy vaqti 3:3 hisobida yakunlangan bahsning penaltilar seriyasida argentinaliklarning qo‘li baland kelgan edi (4:2).

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar