May oyida Oʻzbekistonga shakar importi apreldagiga nisbatan 26 foizga qisqardi. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi maʼlumot berdi.
Hisobotga koʻra, joriy yilning oʻtgan oyida mamlakatga jami qiymati 50,4 million dollarlik 68,66 ming tonna shakar import qilingan. Bu koʻrsatkich aprel oyida 61,7 million dollarga 86,5 ming tonnani tashkil etgandi. Bir oy davomida mahsulot importi qariyb 17,8 ming tonnaga (26 foiz) qisqargan.
Taqqoslash uchun, fevral (73,2 ming tonna) yoki mart oyidagi (77,7 ming tonna) import hajmi ham maydagiga qaraganda sezilarli darajada yuqori boʻlgan.
Qoʻmita respublikaning qaysi hududlari xorijdan shakar import qilayotganini ham ochiqlagan. Qayd etilishicha, umumiy shakar importining 76,7 foizi yoki 52,7 tonnasi Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri kelgan. Keyingi oʻrinda Xorazm viloyati koʻrsatilgan — 6,8 tonna.
Yana sakkizta hududning har birida import hajmi uch tonnadan past shakllangan. Navoiy, Sirdaryo, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarining shakar import qiluvchilari mavjud emas. Ular mahsulotni Toshkentdan tashiydi.
Hisobotdan koʻrinadiki, import shakarning narxi oshishda davom etgan. May oyida mahsulotning tonnasi xorijdan oʻrtacha 734 dollardan sotib olingan (aprelda 723 dollardan edi).
Oʻz navbatida Oʻzbekistonda ham shakar narxi oshib bormoqda. Masalan, Statistika qoʻmitasi may oyida shakar 1,5 foiz qimmatlashganini maʼlum qilgan.








