Daryo

Hindistonda An-32 harbiy samolyoti avariyaga uchrashi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi

Samolyot Assam shtatining Jorhat shahridagi aviabaza hududiga qo‘nayotgan paytda halokatga uchragan.Hodisa sabablarini aniqlash maqsadida tekshiruv komissiyasi tuzilgan.

1 daqiqa o‘qish5 032 ko‘rishlar0 izoh0

Hindistonning shimoli-sharqida An-32 harbiy samolyoti qo‘nishga urinayotgan paytda halokatga uchrashi oqibatida ekipajning besh a’zosi halok bo‘ldi. Bu haqda Hindiston Harbiy-havo kuchlari X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.

Falokat rejali parvoz vaqtida, 13-iyun kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 10:00 da yuz berdi. Hindiston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, halokat oqibatida besh nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Ekipajning yana bir a’zosi – ikkinchi uchuvchi tirik qolgan.

Hindistonning NTV telekanali reportajida ko‘rsatilgan kadrlarda samolyot bo‘laklarga bo‘linib ketgani aks etgan.

“Hodisa sabablarini aniqlash uchun tergov komissiyasi tuzilmoqda. Ayni paytda voqea joyida ishlar olib borilmoqda va dastlabki tergov boshlangan”, deyiladi HHK xabarida.

  • An-32 Hindiston uchun maxsus ishlab chiqilgan
Ikki dvigatelli turbovintli An-32 samolyoti 1970-yillarning o‘rtalarida Kiyevdagi “Antonov” tajriba-konstruktorlik byurosi tomonidan Hindiston buyurtmasi asosida ishlab chiqilgan. U ekstremal sharoitlarda ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, 7,5 tonnagacha yuk yoki 50 nafar ekipaj a’zosini tashish imkoniyatiga ega.
Hozirda Ukrainaga tegishli bo‘lgan “Antonov” kompaniyasi saytida qayd etilishicha, samolyotni ishlab chiqarish 1996-yilgacha davom etgan va bu vaqt ichida Kiyevda jami 358 ta samolyot ishlab chiqarilgan. 1980-yilning oxirida ularning 118 tasi Hindistonga topshirilgan.
  • Hindistondagi aviahalokatlar
Bu so‘nggi yillarda Hindiston Harbiy-havo kuchlarida yuz bergan birinchi aviahalokat emas. 2024-yil mart oyi boshida Jorhat shahridan 60 km uzoqlikda ham Rossiyada ishlab chiqarilgan Su-30 qiruvchi samolyotining halokati oqibatida ekipajning ikki a’zosi halok bo‘lgan. 2022-yil oktyabr oyida esa Xitoy bilan chegaradosh Arunachal-Pradesh shtatida AQSHda ishlab chiqarilgan Bell 407 vertolyotining qulashi natijasida besh nafar harbiy vafot etgan edi.
2021-yil dekabrida esa mamlakat janubidagi Tamilnad shtatida Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-17 vertolyotining halokati oqibatida Hindiston mudofaa shtabining o‘sha paytdagi boshlig‘i, general Bipin Ravat va yana 12 kishi, jumladan, uning rafiqasi ham halok bo‘lgandi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar