Daryo

Boliviyada pul to‘la samolyot yo‘lga qulashi oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi

Bortda yangi banknotalar bo‘lgan. Halokatdan so‘ng mahalliy aholi jabrlanganlarga yordam berish o‘rniga pullarni terib ola boshlagan.

1 daqiqa o‘qish8 040 ko‘rishlar0 izoh0

Boliviyaning El-Alto shahrida ro‘y bergan aviahalokat oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi, yana 8 kishi jarohatlandi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Marsela Flores ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Boliviya Harbiy-havo kuchlariga tegishli Hercules C-130 samolyoti qo‘nish paytida boshqaruvni yo‘qotib, yerga qulagan va uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan. Boliviya Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi xabariga ko‘ra, samolyot avtomobil yo‘liga qulagan. Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 18:00 larda sodir bo‘lgan.

Guvohlarning aytishicha, samolyot o‘ndan ortiq avtomobilga, jumladan, yuk mashinalari va jamoat transportiga shikast yetkazgan. Samolyot va avtomobillar to‘qnashuvi natijasida yong‘in chiqqan.

Ma’lum bo‘lishicha, samolyot Boliviya Markaziy banki uchun yangi banknotalarni olib kelayotgan bo‘lgan. Shu sababli atrofdagi odamlar jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish o‘rniga sochilib yotgan pullarni terishga tushgan.

“Pulga tashlangan olomonni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llashga to‘g‘ri keldi. Boliviya Markaziy banki banknotlarni o‘g‘irlaganlarni ularni topshirishga chaqirib, pullar muomalaga kiritilmagani sababli haqiqiy emasligini tushuntirdi”, deyiladi xabarda.

Hodisa oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, yana 8 kishi jarohatlangan. Samolyot ekipajining sakkiz a’zosidan yetti nafari tirik qolgan.

Voqea joyida o‘t o‘chirish guruhlari va tez yordam brigadalari ishni davom ettirmoqda. Rasmiylar hodisaning aniq sabablarini o‘rganmoqda.

Yanvar oyida Kolumbiyada yo‘lovchi samolyoti qulab tushishi oqibatida 15 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi. Bundan avval esa Hindistonda amaldorni olib ketayotgan samolyot qulab tushgandi. Hodisa oqibatida besh kishi halok boʻlgan.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar