Toshkentda IIO xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan xavfli harakatlangan Cobalt o‘q uzish orqali to‘xtatildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Cobalt rusumli avtomashina bir nechta transport vositalariga shikast yetkazgani aks etgan video tarqalgandi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, voqea 11-iyun kuni taxminan soat 21:30 da sodir bo‘lgan, avtomobilni ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida ro‘yxatda turuvchi 44 yoshli R.Y. boshqargan.
U o‘zining boshqaruvidagi Cobalt’da Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda, o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘yib harakatlangan. Hududda xizmat olib borayotgan IIO xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, harakatni davom ettirib, bir nechta transport vositalariga texnik shikast yetkazgan.
Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu fuqaro tomonidan boshqa fuqarolarga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida IIO xodimlari tomonidan tabel qurolidan foydalanilib, ogohlantirishdan so‘ng avtomashina g‘ildiragiga o‘q uzish orqali to‘xtatilgan va keyingi noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.








