“Rosselxoznadzor” 12-iyundan boshlab Armanistondan Rossiyaga barcha karantin mahsulotlarini olib kirishni chekladi. Shuningdek, ushbu mahsulotlarning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) davlatlariga tranzit qilinishi ham taqiqlandi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, muntazam ravishda karantin ostidagi mahsulotlar aniqlanmoqda. Armaniston tomoni ogohlantirilgan bo‘lsa-da, bu holat davom etmoqda. Idoraning ma’lum qilishicha, iyun oyida Armaniston yong‘oqlari, quritilgan shaftoli va quritilgan pomidorlarida uch marta xapra qo‘ng‘izi aniqlangan.
Karantin mahsulotlariga yuqori fitosanitar xavfga ega tovarlar kiradi. “Rosselxoznadzor” saytidagi ro‘yxatga ko‘ra, bular — gullar, sabzavotlar, mevalar, rezavorlar, g‘alla ekinlari, tamaki, yog‘och va boshqa ko‘plab mahsulotlardir.
“Rosselxoznadzor” Armanistondan tovarlar olib kirishni cheklashni may oyidayoq boshlagan edi. Dastlab gullar va “Jermuk” mineral suvi taqiqlangandi. Keyinchalik sabzavotlar, qulupnay, quritilgan mevalar va boshqa mahsulotlar ham taqiqqa uchradi.
Rossiya nazorat organlari turli davlatlardan ma’lum mahsulotlarni olib kirishni tez-tez taqiqlab turadi. Bu holat ko‘pincha Rossiyaning ushbu mamlakatlar bilan munosabatlari yomonlashgan davrga to‘g‘ri keladi.
Masalan, 2006-yilda Gruziya va Moldova vinolari hamda mineral suvlariga taqiq qo‘yilgan edi. 2014–2015-yillarda Polshadan meva va sabzavotlar, 2015-yilda esa Turkiyadan pomidor olib kirish taqiqlangan.
Yevropa Ittifoqi Rossiya bosimi sabab Armanistonga 50 mln yevro yordam ajratadi
Yevropa ittifoqi (YI) Armanistonga Rossiyaning iqtisodiy bosimi tufayli yordam choralari paketini tayyorlamoqda. Bunga 50 million yevrodan ortiq moliyaviy ko‘mak ham kiradi. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan suhbatdan so‘ng ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, YI Armaniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini osonlashtirmoqchi. Shuningdek, zarar ko‘rgan sohalarga, ayniqsa, gulchilik sanoatiga amaliy yordam berish rejalashtirilmoqda. Sababi Rossiya so‘nggi kunlarda Armanistondan gul olib kirishni cheklagan.








