Daryo

KXDRning uran boyitish quvvati 75 foizga oshishi mumkin — WSJ

Shimoliy Koreyaning Yongbyondagi yangi yadroviy majmuasi yiliga taxminan 160 kg yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ekspertlar bu holat Pxenyanning yadroviy arsenalini sezilarli darajada kengaytirishga tayyorlanayotganidan darak berishini ta’kidlamoqda.

2 daqiqa o‘qish7 027 ko‘rishlar0 izoh4

Shimoliy Koreyaning yangi uran boyitish majmuasi to‘liq quvvat bilan ishga tushsa, mamlakatning uranni boyitish salohiyati hozirgi darajaga nisbatan 75 foizga oshishi mumkin. Bu haqda The Wall Street Journal nashri Britaniyada joylashgan VERTIC tahliliy markazi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Hisobotga ko‘ra, Yongbyon yadroviy majmuasida qurilgan yangi obyektga 9 mingdan ortiq sentrifuga o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Ushbu yadro inshooti yiliga taxminan 160 kilogramm yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Taqqoslash uchun, ekspertlar Shimoliy Koreyaning mavjud obyektlari yiliga qariyb 215 kilogramm yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqarayotganini taxmin qilmoqda.

VERTIC tahlilchilari fikricha, Pxenyan allaqachon o‘rta hajmdagi yadroviy arsenalni saqlab turish uchun yetarli material zaxirasiga ega. Biroq yangi obyekt ishga tushirilishi bilan bu imkoniyat yanada kengayadi.

Tadqiqot hammuallifi Grant Kristoferning aytishicha, Shimoliy Koreya yuqori darajada boyitilgan uranning taxminan 2,1 tonnalik zaxirasiga ega bo‘lishi mumkin. Bu ko‘rsatkich Buyuk Britaniya yoki Fransiya kabi yadroviy davlatlar harbiy zaxiralaridan ancha kam bo‘lsa-da, mamlakatning yadroviy salohiyati muntazam ravishda ortib borayotganini ko‘rsatadi.

The Wall Street Journal qayd etishicha, Yongbyondagi yangi majmua foydalanishga topshirilgach, Shimoliy Koreyadagi ommaga ma’lum bo‘lgan eng yirik uran boyitish inshootiga aylanadi.

Nashr ekspertlarga tayanib, bu kengayish Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In AQSH va Xitoy bosimiga qaramay, mamlakat yadroviy dasturini sezilarli darajada kengaytirish niyatida ekanini ko‘rsatishini ta’kidladi.

So‘nggi yillarda Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturi mintaqadagi xavfsizlikka oid xavotirlarni kuchaytirgan. Pxenyandan yadroviy qurol dasturini to‘xtatishni talab qilib kelgan Xitoy ham keyingi paytda bu masalani omma oldida deyarli tilga olmayapti. Hatto yaqinda Pxenyanga tashrif buyurgan Si Szinpin ham denuklearizatsiya mavzusiga to‘xtalmadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Kim Chen Inning yadroviy arsenalni kengaytirishga qaratilgan siyosati AQSH bilan muzokaralar istiqbollari tobora kamayib borayotganidan dalolat beradi. Avvalroq Vashington Pxenyan yadroviy dasturini qisqartirishi evaziga sanksiyalarni yumshatishni taklif qilgan edi.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar