AQSH prezidenti Donald Tramp 16-avgust kuni Pentagonga Janubiy Koreya bilan 10 kunlik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni “sezilarli darajada qisqartirish”ni buyurdi. U buni mashg‘ulotlar xarajati va Seulning Eron qarshi harakatlarda ishtirok etishdan bosh tortgani bilan izohladi.
Mashg‘ulotlar boshlanishidan bir necha soat oldin Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida post joyladi. Unda prezident AQSH ilgari mashg‘ulotlarda ishtirok etishga rozi bo‘lganidan “xursand emasligini” bildirdi. Shuningdek, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan “juda yaxshi munosabatlar”ga ega ekanini aytdi.
“Bu mashg‘ulotlar nafaqat qimmatga tushadi... balki Donald J. Tramp prezidentlik qilgan davrda tahdid solmagan va hurmat ko‘rsatgan mamlakatga mutlaqo noo‘rin va dushmanona signal yuboradi”, deb yozdi Tramp.
17-27-avgust kunlari Janubiy Koreyaning 18 mingga yaqin harbiy xizmatchisi ishtirokida Ulchi Freedom Shield qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mashg‘ulotlar dronlarga qarshi kurashish, GPS signallarini uzib qo‘yish va kiberhujumlarni o‘z ichiga olishi kutilmoqda. Janubiy Koreya mashg‘ulotlar rejalashtirilganidek 17-avgust kuni boshlanganini ma’lum qildi, biroq Trampning gaplariga izoh berishdan bosh tortdi.
Tramp uzoq vaqtdan beri Janubiy Koreya bilan harbiy mashg‘ulotlarni to‘xtatish yoki qisqartirishga intilib, ularni provokatsion va qimmatga tushadigan”deb atagandi. U, shuningdek, Janubiy Koreyada joylashtirilgan 28 500 nafar AQSH harbiylarini saqlash xarajatlarini taqsimlash va ularning mintaqani himoya qilishdagi roli bo‘yicha Seul bilan tortishgan. Pxenyan muntazam ravishda AQSH—Janubiy Koreya mashg‘ulotlarini bosqinga tayyorgarlik sifatida qoralaydi.








