Daryo

Dunyoda yana bir urush boshlandi. Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida

27-fevralga o‘tar kechasi Pokiston mudofaa vaziri Xoja Osif o‘z mamlakati Afg‘onistondagi “Tolibon” rejimiga qarshi “ochiq urush”ga kirganini ma’lum qildi. Pokiston harbiy havo kuchlari Kobul va Qandahorga aviazarbalar berdi — Pokiston ko‘p yillik ziddiyat tarixida ilk bor “Tolibon” harakati bilan bog‘liq obyektlarga zarba berdi.

3 daqiqa o‘qish17 086 ko‘rishlar0 izoh5

27-fevralga o‘tar kechasi Pokiston mudofaa vaziri Xoja Osif o‘z mamlakati Afg‘onistondagi “Tolibon” rejimiga qarshi “ochiq urush”ga kirganini ma’lum qildi. Pokiston harbiy havo kuchlari (HHK) Kobul (Afg‘onistonning rasmiy poytaxti), Qandahor (amalda “Tolibon”ning bosh qarorgohi), shuningdek, Paktiya viloyatidagi nishonlarga aviazarbalar berdi. Pokiston ilk bor “Tolibon” harakati bilan bog‘liq obyektlarga zarba berdi — bungacha pokistonliklar Afg‘onistondagi “Tolibon”ga aloqasi yo‘q deb hisoblangan marralarga zarba berardi.

Uzunligi 2600 kilometrdan oshadigan bahsli Afg‘oniston—Pokiston chegarasi — “Dyurand liniyasi” bo‘ylab navbatdagi keskinlashuv fevral oyining o‘rtalarida boshlangan edi. Bundan avvalroq, 6-fevral kuni Pokiston poytaxti Islomoboddagi shialarning “Xadichai Kubro” masjidida xudkush o‘zini portlatib, 30 dan ortiq kishining umriga zomin bo‘lgandi.

Ushbu terakt uchun javobgarlikni shialarga nisbatan o‘ta murosasiz bo‘lgan ISHID terrorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga olgan edi. O‘shanda Pokiston hukumati xudkushning afg‘on bo‘lganini alohida qayd etgan edi.

16-fevral kuni “Tahriki Tolibon Pokiston” (TTP, “Pokiston Tolibon harakati”) guruhi jangarilari Pokistonning Bajaur chegara hududidagi nazorat-o‘tkazish punktiga hujum qildi: avval u yerda xudkush o‘zini portlatdi, so‘ng otishma yuz berdi. Hujum oqibatida 11 nafar pokistonlik harbiy va bir bola halok bo‘ldi.

Xost viloyatidagi “Tolibon” jangarilari.
Foto: Getty Images

21-fevral kuni Pokiston HHK Afg‘onistonning Nangarhor, Xost va Paktika viloyatlaridagi ISHID, TTP va boshqa guruhlarning lagerlarini bombardimon qilishga kirishdi; ularning bari Markaziy va Janubiy Osiyo oralig‘ida joylashgan va Afg‘oniston—Pokiston chegarasi o‘tgan Xaybar dovoni atrofida. Bu borish qiyin bo‘lgan mintaqada qadimdan ko‘plab terrorchi guruhlar qo‘nim topgan bo‘lib, ular “Tolibon”, Pokiston Idoralararo razvedkasi yoki boshqa tashqi kuchlar bilan aloqa o‘rnatishi mumkin, ammo amalda hech kimga bo‘ysunmaydi. 2001-yili AQSH Afg‘onistonga bostirib kirganida, Usoma bin Lodin yashiringan Tora-Bora g‘orlar majmuasi ham shu yerda bo‘lgan.

Pokiston armiyasi va afg‘on guruhlari o‘rtasidagi janglar chegarada, asosan Xaybar dovoni hududida ko‘p yillardan buyon vaqti-vaqti bilan yuz berib turadi. Ayniqsa, 2021-yili AQSH qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etib, “Tolibon” hokimiyatni qayta qo‘lga kiritgach, bunday to‘qnashuvlar ko‘paygan. Ammo avvallari ular, odatda, chegara to‘qnashuvlari doirasidan tashqariga chiqmas edi.

Pokiston “Tolibon”ni, shuningdek, o‘zining strategik raqibi Hindistonni terrorchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab kelardi, ammo bu asosan quruq so‘zlardan iborat edi. Turkiya va Qatar vositachi sifatida Pokiston va Afg‘onistonni yarashtirishga bir necha bor uringan, biroq muvaffaqiyatga erisha olmagan.

Bu safar “Tolibon” Pokiston kuchlariga qarshi javob amaliyotini boshlashini e’lon qildi. Chegara janglari ancha shiddatli tus oldi. Shundan so‘ng Pokiston Mudofaa vazirligining “Tolibon” Afg‘onistonni amalda “Hindiston mustamlakasi”ga aylantirgani va Pokistonning sabr kosasi to‘lgani haqidagi bayonoti yangradi. Pokiston “Tolibon”ga qarshi “Odilona g‘azab” nomli maxsus harbiy operatsiya boshladi.

Pokiston zarba bergan Afg‘onistondagi hududlar.
Foto: The New York Times

Pokiston tomonining bayonotiga ko‘ra, aviazarbalar natijasida “Tolibon”ning 200 dan ortiq jangarisi yo‘q qilingan, 300 dan ziyodi yaralangan; o‘nlab postlar vayron etilgan. Afg‘oniston rasmiylari esa, o‘z navbatida, 55 nafar pokistonlik askar o‘ldirilgani va Pokistonning bir necha marralari egallab olinagnini da’vo qilmoqda.

Shuningdek, “Tolibon” Pokistonning aviazarbalari tinch aholi orasida qurbonlarga olib kelganini ta’kidlamoqda. Xususan, Xaybar dovonida joylashgan va chegara bilan ikkiga bo‘lingan Torxam shahridagi qochoqlar lageriga berilgan raketa zarbasi oqibatida 13 kishi, jumladan, ayollar va bolalar jabr ko‘rgani haqida aytilyapti. Pokiston tomoni Afg‘oniston tarafdan bir necha qishloq minomyotdan o‘qqa tutilganini ma’lum qilgan, biroq tinch aholi orasidagi talofotlar haqida ma’lumot keltirmagan.

Ushbu bayonotlarning birortasi mustaqil manbalar tomonidan hozircha tasdiqlangan emas.

Kobuldagi qurol-yarog‘ omboriga berilgan zarba oqibatlari.
Foto: The New York Times

Kuzatuvchilar hozircha Pokiston qo‘shinlari Afg‘onistonga kirishini kutmayapti. Toliblarda na aviatsiya, na havo hujumidan mudofaa tizimi bor, shu sababli Pokiston havoda to‘liq hukmronlikka ega. Agar quruqlikdagi operatsiya boshlansa, ustunlik ko‘proq Afg‘oniston tomonida bo‘lishi mumkin: toliblar va ularning ittifoqchilari tog‘larda partizanlik urushi olib borishning mohir ustalari sanaladi.

Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi an’anaviy vositachi bo‘lgan Turkiya allaqachon o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun harakatlarni boshlagan: tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan har ikki tomon vakillari, shuningdek, Qatar va Saudiya Arabistoni tashqi siyosat idoralari bilan bog‘landi.

Shuningdek, O‘zbekiston ham tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar