Daryo

Yevropa davlatlari Isroilga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilishga tayyorlanmoqda

YI miqyosida yagona qarorga kelinmagan bo‘lsa ham, qator davlatlar Isroilning G‘arbiy sohildagi manzilgohlar siyosati va zo‘ravonliklari ortidan unga qarshi muvofiqlashtirilgan milliy sanksiyalarni e’lon qilish arafasida.

1 daqiqa o‘qish5 059 ko‘rishlar0 izoh7

Yevropa Ittifoqi miqyosida yagona qarorga kelinmaganiga qaramay, Fransiya boshchiligidagi qator Yevropa davlatlari Isroilning G‘arbiy sohilda olib borayotgan faoliyati uchun unga qarshi navbatdagi sanksiyalarni e’lon qilish arafasida. Bu haqda Reuters o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Yevropa Ittifoqida Isroilga nisbatan qat’iyroq choralar ko‘rishga qaratilgan sa’y-harakatlar bloklangani sababli bir qator davlatlar muvofiqlashtirilgan milliy sanksiyalarni eng maqbul variant deb hisoblamoqda. Bayonot yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda.

G‘arbiy sohildagi zo‘ravonliklarga aloqador shaxslarga qarshi sanksiyalarni Fransiya faol ilgari surmoqda va bu rejani Buyuk Britaniya hamda Norvegiya bilan muvofiqlashtirmoqda. Fransiya rasmiylarining ta’kidlashicha, ular AQSH va Eron o‘rtasidagi ziddiyat hamda Isroilning Livandagi harbiy kampaniyasi fonida Falastin masalasini xalqaro kun tartibida saqlab qolishni maqsad qilgan.

Ma’lumot uchun, may oyida Yevropa Ittifoqi Isroilning G‘arbiy sohildagi faoliyati doirasida falastinliklar huquqlarini buzishga aloqador bo‘lgan ayrim jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalar kiritgan edi.

Isroilning G‘arbiy sohildagi manzilgohlar siyosati xalqaro hamjamiyat va Falastin muxtoriyati bilan munosabatlardagi asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, falastinliklar buni Isroilning Falastin hududlarida o‘z o‘rnini mustahkamlash siyosati deb biladi va bu tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Kecha, 7-iyun kuni Eron ikki yarim oylik tanaffusdan keyin Isroilga kamida sakkizta ballistik raketa uchirdi. Bunga javoban Isroil ham javob zarbalarini yo‘lladi.

Erkinjon G‘aybullayev

bosh muharrir o‘rinbosari

Erkinjon G‘aybullayev

Erkin G‘aybullayev 1992-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. Samarqand davlat chet tillar institutini tugatgan. Magistraturani Janubiy Koreyadagi Namseul universitetida o‘qigan. Ingliz, rus tillarini mukammal biladi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar