Daryo

Rossiya “Tolibon” armiyasini tiklamoqda: nega aynan hozir?

Rossiya “Tolibon” armiyasining harbiy texnikalarini tiklashga kirishmoqda. Moskva va Kobul o‘rtasida imzolangan yangi harbiy-texnik bitim oddiy ta’mirlash ishlari bilan cheklanib qolmasligi mumkin. Ayrim ekspertlar buni Kremlning Afg‘onistonga qaytishi va mintaqadagi ta’sirini mustahkamlashga qaratilgan strategiyasining bir qismi sifatida baholamoqda. Bu hamkorlik ortida qanday manfaatlar yotibdi?

8 daqiqa o‘qish15 999 ko‘rishlar0 izoh8

27-may kuni Rossiya va Afg‘onistondagi “Tolibon” hukumati o‘rtasida harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bir qarashda qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni ta’mirlashga oid oddiy kelishuvdek ko‘ringan bu hujjat aslida mintaqadagi kuchlar muvozanatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan muhim voqea hisoblanadi.

Xo‘sh, Moskva nega aynan hozir “Tolibon” bilan harbiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda? Bu Rossiyaning Markaziy Osiyodagi strategiyasida qanday o‘rin tutadi va mintaqa xavfsizligiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

“Tolibon” ixtiyoridagi harbiy texnika va qurollar

Rossiya va “Tolibon” o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik bitimining ahamiyatini tushunish uchun avvalo Kobul bugun qanday harbiy salohiyatga ega ekaniga nazar tashlash lozim. Chunki gap armiya qurish haqida emas, balki allaqachon katta miqdordagi qurol-yarog‘ va harbiy texnikaga ega kuchning imkoniyatlarini saqlab qolish va kengaytirish haqida ketmoqda.

2021-yilda Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” nafaqat davlat boshqaruvini, balki sobiq Afg‘oniston milliy armiyasining katta qismini ham meros qilib oldi.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023-yilda “Tolibon” qurolli kuchlari safida qariyb 170 ming harbiy xizmatchi bo‘lgan. Ular 8 ta korpus va 3 ta maxsus kuchlar brigadasiga birlashtirilgan.

Bugungi Afg‘oniston armiyasi o‘ziga xos harbiy “mozayka”ni eslatadi. Uning arsenalida Sovet Ittifoqidan qolgan texnikalar, Rossiyada ishlab chiqarilgan qurollar, shuningdek, AQSH va NATO tomonidan sobiq Afg‘oniston hukumatiga yetkazib berilgan zamonaviy harbiy vositalar bir vaqtda xizmat qilmoqda.

“Tolibon” o‘tkazgan harbiy parad
Foto: cbsnews.com

Military Balance ma’lumotlariga ko‘ra, “Tolibon” ixtiyorida hali ham sovet davrida Afg‘onistonga yuborilgan T-62M tanklari mavjud. Bundan tashqari, 2000-yillarda Rossiya tomonidan yetkazib berilgan BMP-1 va BMP-2 piyoda jangovar mashinalari ham foydalanishda qolmoqda.

Artilleriya parkida ham sovet harbiy maktabining izlari yaqqol ko‘rinadi. “Tolibon” qo‘shinlari tarkibida 122 millimetrlik D-30 gaubitsalari, BM-21 “Grad” birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlari hamda 82 millimetrlik 2B14 “Podnos” minomyotlari saqlanib qolgan. Mamlakat bo‘ylab esa sovet, xitoy va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan yuz minglab o‘qotar qurollar tarqalgan.

Biroq “Tolibon”ning eng katta harbiy yutug‘i AQSH qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etganidan keyin qo‘lga kiritilgan ulkan arsenaldir. “Oryx” loyihasi hisob-kitoblariga ko‘ra, harakat kamida 715 ta harbiy texnikani o‘z nazoratiga olgan.

CNN nashri Pentagon hisobotiga tayanib, “Tolibon” qo‘liga qiymati qariyb 7 mlrd dollarga teng Amerika harbiy texnikasi o‘tganini ma’lum qilgan. Ushbu arsenal tarkibida 40 mingga yaqin transport vositasi, 12 mingdan ortiq HUMVEE zirhli mashinalari, 300 ming dona o‘qotar qurol, 1,5 million dona o‘q-dori hamda minglab maxsus harbiy jihozlar mavjud.

Natijada bugungi “Tolibon” armiyasi Markaziy va Janubiy Osiyodagi ko‘plab davlatlar qurolli kuchlari bilan taqqoslaganda son va texnik ta’minot jihatidan e’tiborga molik harbiy kuchga aylangan. Ammo bu arsenaldagi texnikalarning katta qismi muntazam ta’mirlash, ehtiyot qismlar va malakali texnik xizmatga muhtoj.

“Tolibon” harbiylari
Foto: armyrecognition.com


Pokiston bilan urush ehtimoli

E’tiborli jihati, “Tolibon” hukumatining mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Mulla Muhammad Yoqub Moskva bilan harbiy bitim imzolangach, Pokistonga ogohlantirish bilan chiqib, Islomobod yaqin orada Afg‘oniston hududiga hujum qilishga jur’at etolmay qolishini aytdi. Yoqub Rossiya bilan kelishuvni amalga oshirish ishlari tez orada boshlanishini ham ma’lum qilgan.

Yoqubning bayonotlari Pokiston bilan keskinlik kuchaygan bir paytda yangradi. So‘nggi oylarda Pokiston Afg‘oniston ichkarisiga havo hujumlarini uyushtirgan va hatto ochiq urush ham e’lon qilgan edi.

Tarix fanlari doktori va siyosiy fanlar nomzodi Anvar Yo‘ldoshev “Daryo” jurnalisti bilan suhbatda Mulla Yoqubning bayonoti Islomobodga qaratilgan signal ekanini ta’kidladi.

2025–2026-yillarda Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida havo zarbalari, artilleriya otishmalari va jiddiy chegara to‘qnashuvlari sodir bo‘ldi. Shu sababli, “Tolibon” mudofaa vaziri Yoqubning Pokiston “tez orada Afg‘onistonga hujum qilishga botina olmaydi” degan bayonoti to‘g‘ridan to‘g‘ri siyosiy signalga o‘xshaydi, dedi u.
Tarix fanlari doktori, professor Anvar Yo‘ldoshev
Foto: “Daryo”

Islomobod “Tolibon”ni bir necha bor “Tahriki Tolibon Pokiston” (TTP) jangarilariga boshpana berishda ayblagan. Kobul esa bu da’volarni rad etib, Pokistonning Afg‘oniston hududidagi TTP bazalari deb ko‘rsatilgan nishonlarga bergan havo zarbalarini mamlakat suverenitetining qo‘pol buzilishi va tashqi tajovuz sifatida talqin qiladi.

Siyosiy fanlar doktori, dotsent Suhrob Bo‘ronov Moskva Islomobodga qarshi ish olib bormasligi, imzolangan bitim Pokistonga qarshi qaratilgani haqidagi da’volar “Tolibon”ning propagandasi ekanini aytib o‘tdi.

Hali ham kelishuvning muhim nuqtasi oshkor etilmayotgandek. Agarda bitimning Xavfsizlik forumi doirasida imzolangani e’tiborga olinsa, voqealar rivojini diqqat bilan kuzatishga to‘g‘ri keladi. Rossiya “Tolibon” hukumatiga Pokistonga qarshi harbiy texnika yoki yirik qurollarni berish ehtimollari juda kam. Shunchaki bu “Tolibon”ning Pokiston bilan bog‘liq geosiyosiy taranglik sharoitida qo‘llayotgan propaganda usuli. Shu sababdan Rossiya tomoni bu bitim faqat harbiy-texnik taʼmirlash ishlari bilan cheklanishi va uchinchi tomonga qarshi qaratilmagan, degan ma’noda rasmiy bayonot berdi, deya ta’kidladi u.
Siyosiy fanlar doktori, dotsent Suhrob Bo‘ronov
Foto: “Daryo”


Rossiya bundan nima yutadi?

Rossiya va “Tolibon” harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha kelishuvni 27-may kuni Moskva yaqinida o‘tkazilgan xavfsizlik konferensiyasi doirasida imzolagan. Hozircha bitimning to‘liq tafsilotlari e’lon qilinmagan. Faqatgina Rossiyaning Afg‘onistondagi savdo markazi rahbari Rustam Habibullin texnikalar Tataristonda ta’mirlab berilishini ma’lum qildi.

Habibullinning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Afg‘onistonda turli rusumdagi 100 dan ortiq Mi-17 vertolyotlari bor. Shuningdek, Rossiya va Tataristonda ishlab chiqarilgan 30 mingdan ortiq “KamAZ” yuk mashinalari hamda 2 mingga yaqin boshqa og‘ir yuk transport vositalari mavjud.

Rossiyaning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulovning aytishicha, kelishuv Rossiya ishlab chiqarishidagi harbiy texnikalarni ta’mirlashga qaratilgan bo‘lib, kelajakda mudofaa sohasidagi yangi shartnomalarga yo‘l ochishi mumkin. Hozircha esa asosiy vazifa Afg‘oniston ixtiyoridagi mavjud tizimlarni qayta ishga tushirishdan iborat.

Afg‘oniston bosh vazir o‘rinbosari Mullo Abdul G‘ani Barodar va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov
Foto: southasianvoices.org

Anvar Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, Rossiya uchun mintaqadagi asosiy tahdid “Tolibon” emas, balki “Xuroson viloyati islom davlati” guruhidir. Shu bois Moskva Kobul bilan hamkorlikni aynan ushbu radikal tashkilotga qarshi kurashning muhim vositasi sifatida ko‘rmoqda.

Rossiyaning manfaatlarining bir nechta sabablari bor. Birinchidan, Rossiya uchun mintaqadagi asosiy dushman “Tolibon” emas, balki — “Xuroson viloyati islom davlati”. Moskva Kobul bilan hamkorlik ushbu guruhni jilovlashga va radikallarning Markaziy Osiyoga tarqalishining oldini olishga yordam beradi, deb hisoblaydi.Ikkinchidan, Amerika qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilganidan keyin ta’sir bo‘shlig‘i (vakuum) yuzaga keldi. Rossiya xavfsizlik, savdo va infratuzilma loyihalari orqali mintaqada mustahkam o‘rnashib olishga intilmoqda.Uchinchidan, Moskva AQSH va Yevropaning pozitsiyasidan qat’iy nazar, ittifoqlar tuza olishini namoyish etmoqda. Kreml uchun bu muqobil xalqaro aloqalarni shakllantirishning yana bir misolidir, dedi u.

Siyosatshunos Muxtor Nazirov “Daryo”ga bergan izohida Moskvaning “Tolibon” bilan yaqinlashuvi ortida xavfsizlik, geosiyosiy va iqtisodiy manfaatlar mujassam ekanini ta’kidladi.

Xalqaro maydonda tan olinmagan “Tolibon” tashqi hamkorlar orqali o‘z mavqeyini mustahkamlashga urinayotgan bo‘lsa, G‘arb bilan munosabatlari yomonlashgan Rossiya ham mintaqadagi ta’sirini namoyish etishga harakat qilmoqda. Agar Moskva Afg‘onistondagi barqarorlikka hissa qo‘sha olsa va “Tolibon”ning Rossiya qurol-yarog‘i hamda texnik xizmatlariga qaramligi oshsa, bu uning mintaqaviy ta’sirini yanada kuchaytiradi.Bundan tashqari, iqtisodiy manfaatlar ham muhim o‘rin tutadi. Qurol-yarog‘ savdosi, harbiy texnikani ta’mirlash va umumiy savdo aloqalarining kengayishi Rossiyaga qo‘shimcha iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi. Shu bois Moskvaning “Tolibon” bilan yaqinlashuvi ortida ham xavfsizlik, ham geosiyosiy, ham iqtisodiy manfaatlar yotibdi, deydi mutaxassis.
Siyosatshunos Muxtor Nazirov
Foto: “Daryo”


Markaziy Osiyo davlatlariga ta’sir

2021-yilda “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni qayta egallaganidan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlari unga nisbatan keskin qarama-qarshilik emas, balki pragmatik siyosat yuritishni tanladi. Mintaqa davlatlari “Tolibon” hukumatini rasman tan olmagan bo‘lsa-da, xavfsizlik, savdo va transport masalalarida Kobul bilan muloqotni davom ettirmoqda.

Masalan, O‘zbekiston “Tolibon” bilan eng faol ishlayotgan Markaziy Osiyo davlatlaridan biri hisoblanadi. Toshkent bu orqali Janubiy chegaralar xavfsizligini ta’minlash, Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga chiqish, Transafg‘on temiryo‘l loyihasini amalga oshirish, savdo va energetik hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilgan.

2025-yil 22–23-fevral kuni Afg‘oniston bosh vazir o‘rinbosari Mullo Abdul G‘ani Barodar rahbarligidagi “Tolibon” delegatsiyasi ikki kunlik tashrif bilan Toshkentga kelgan. O‘shanda delegatsiya O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazgan edi.

Xo‘sh, bitim Markaziy Osiyo mamlakatlariga qanday ta’sir qiladi? Mintaqa davlatlari bu bitimga qanday qarashi kerak? Rossiya bu omildan keyinchalik siyosiy vosita sifatida foydalanishi mumkinmi?

Siyosatshunos Muxtor Nazirovning fikricha, Rossiya va “Tolibon” o‘rtasidagi yaqinlashuv Markaziy Osiyo davlatlari uchun kutilmagan jarayon emas. Chunki mintaqa mamlakatlari Moskva bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lib, bunday qadamlar odatda hamkorlar bilan muvofiqlashtiriladi yoki ular bu haqda oldindan xabardor qilinadi.

Agar Rossiya va “Tolibon” o‘rtasidagi hamkorlik strategik sheriklik darajasiga chiqayotgan bo‘lsa, bu jarayon Markaziy Osiyo davlatlari bilan muvofiqlashtirilgan yoki kamida ularga tushuntirilgan bo‘lishi kerak. Chunki mintaqadagi xavfsizlik muvozanati bunday kelishuvlardan zarar ko‘rmasligi muhim. Hozircha “Tolibon”ning Afg‘onistondan tashqariga agressiv harakat qilgani kuzatilmagan, biroq bunday xavf paydo bo‘lsa, bu Markaziy Osiyo mamlakatlariga ham ta’sir qiladi. Bu holatda Rossiya mintaqadagi xavfsizlik kafolatlaridan biri sifatida o‘z rolini kuchaytirishga urinishi mumkin, dedi u.
Markaziy Osiyo va Afg‘oniston xaritasi
Foto: geopoliticalfutures.com

Nazirovning qayd etishicha, Moskva kelajakda Afg‘oniston omilidan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) kabi xavfsizlik tuzilmalarining ahamiyatini asoslash uchun ham foydalanishi ehtimoldan xoli emas.

“Tarixan Rossiya va KXSHT Afg‘onistondan keladigan xavfni mintaqaviy xavfsizlik integratsiyasining asosiy dalillaridan biri sifatida ko‘rsatib kelgan. Shu bois, zarurat tug‘ilsa, Moskva yana Afg‘oniston omilidan foydalanib, KXSHTning ahamiyatini asoslashga urinishi mumkin.

Biroq hozircha Rossiyaning asosiy maqsadi bu emasdek ko‘rinadi. Moskva “Tolibon” bilan iqtisodiy, savdo va mudofaa sohalaridagi hamkorlik orqali uni o‘ziga yaqinlashtirish va ma’lum darajada ta’sir doirasida ushlab turishga intilayotgandek. Buni “Tolibon” vakillarining ketma-ket ikki yil davomida Sankt Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etayotgani ham ko‘rsatadi. Rossiya shu tariqa “Tolibon”ni Afg‘onistonning amaldagi vakili sifatida xalqaro maydonga olib chiqib, uning siyosiy legitimligini mustahkamlashga yordam bermoqda, deya xulosa qildi siyosatshunos.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_moObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar