Daryo

Pokiston Afg‘onistonga ochiq urush e’lon qildi, Kobulga aviazarbalar berildi (video)

Hujum oqibatida jami 133 nafar “Tolibon” a’zosi halok bo‘lgani, 200 dan ortiq kishi yaralanganini ma’lum qilindi. Hujum Afg‘onistonning tunda Islomobodga bergan zarbalariga javob bo‘ldi.

2 daqiqa o‘qish25 946 ko‘rishlar0 izoh13

Pokiston 27-fevral kuni tunda Afg‘onistonning Kobul va Qandahor shaharlariga aviazarbalar berdi. Bu haqda hukumat rasmiysiga tayanib, BBC xabar berdi.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif mamlakat “har qanday tajovuzkor niyatni yo‘qqa chiqarishga to‘liq qodir” ekanini aytdi.

“Vatanni himoya qilish borasida hech qanday murosa bo‘lmaydi va har qanday tajovuz munosib javob bilan kutib olinadi”, dedi u.​

Pokiston bosh vaziri matbuot kotibi Mosharraf Zaydiyga ko‘ra, hujum oqibatida hozirgacha 27 ta “Tolibon” harbiy posti vayron qilingan, to‘qqiztasi egallab olingan. Shuningdek, 80 dan ortiq tank, artilleriya va qurolli transport vositalari yo‘q qilingan.

“Pokistonning tajovuzga zudlik bilan va samarali javob qaytarishi davom etmoqda”, dedi u.

​Zaydiy hozirgacha jami 133 nafar “Tolibon” a’zosi halok bo‘lgani, 200 dan ortiq kishi yaralanganini ma’lum qildi. Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif “Tolibon” hukumatiga qarshi “ochiq urush” e’lon qildi.

“Pokiston mavjud vositalar va do‘stona mamlakatlar orqali vaziyatni normal ushlab turish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. U to‘laqonli diplomatiya bilan shug‘ullandi. Sabr kosamiz to‘ldi. Endi siz bilan bizning oramizda ochiqdan ochiq urush ketyapti”, dedi Asif.

So‘nggi harbiy harakatlar davomida har ikki tomon bir-biriga katta yo‘qotishlar yetkazganini da’vo qilmoqda.

Pokistonning hujumi 26-fevral kuni “Tolibon” harbiylarining Islomobodga qarshi keng ko‘lamli hujumiga javob bo‘ldi. Afg‘oniston Mudofaa vazirligi Xost, Paktiya, Nuriston va boshqa baʼzi provinsiyalarda Pokistonga qarshi amaliyotlar boshlanganini aytdi. Pokistonga tegishli 19 ta harbiy post va ikkita bazasi qo‘lga olingani ma’lum qilindi. “Tolibon” jami 55 nafar pokistonlik harbiy halok bo‘lganini aytgandi.

Ma’lumot o‘rnida, Pokiston 21-fevral kuni kechasi Afg‘onistonda jangarilarga qarshi bir necha havo hujumlarini amalga oshirganini ma’lum qilgandi. “Tolibon” hujumlar oqibatida o‘nlab tinch aholi halok bo‘lgani va yaralangani, ular orasida bolalar ham borligini ta’kidlagan. Shuningdek, mazkur hujumlarga javob berishga va’da bergandi va 26-fevral kungi hujum buning natijasi bo‘ldi.

21-fevral kungi aviahujumdan so‘ng Pokiston harbiylari “hech qanday tiyilish ko‘rsatmasligini” va aybdorlarga qarshi operatsiyalar “qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar” davom etishidan ogohlantirdi.

Pokiston axborot vaziri mamlakatda yaqinda sodir etilgan hujumlar, jumladan, fevral oyida Islomoboddagi shialar masjidiga uyushtirilgan va 31 nafar odamni o‘ldirgan xudkush hujumi “Afg‘onistondagi rahbariyati va ko‘rsatma beruvchilar buyrug‘i bilan” harakat qilgan jangarilar tomonidan amalga oshirilgani haqida “aniq dalillar” borligini ta’kidladi.

Pokiston xalqaro hamjamiyatni “Tolibon” hukumatiga o‘z tuprog‘idan boshqa davlatlarga qarshi foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha Doha kelishuvi doirasidagi majburiyatlarini bajarishga bosim o‘tkazishga chaqirgan.

Pokistonda so‘nggi yillarda jangarilar zo‘ravonligi kuchayib bormoqda, ularning aksariyati TTP va Balujiston separatist guruhlari bilan bog‘liq. 2021-yilda “Tolibon” hokimiyatga qaytgach, Pokiston TTP jangarilari Afg‘oniston hududidan turib harakat qilayotganini da’vo qilmoqda. Bu ayblovni guruhning o‘zi ham, Afg‘oniston hukumati ham rad etib kelmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar