1995-yil 3-avgust, Qandahor yaqinidagi Registon choʻli. Tataristonning “Airstan” kompaniyasiga tegishli Il-76 “Ilyushin” ogʻir transport samolyoti sahro ustidan yuqori tezlikda uchib oʻtyapti. Uni SSSR fuqaro aviatsiyasi hamda Qizil armiyaning sobiq uchuvchilari boshqarib ketmoqda. Yukxonada Albaniyadan ortilgan va Shimoliy Alyans qoʻmondoni Ahmad Shoh Masʼudga atalgan 1200 ta yashik mavjud. Ularning ichida esa Kalashnikov uchun oʻq-dorilar bor. Joʻnatmaning ortida “qurol baroni” sifatida tanilgan mashhur shaxs Viktor But turibdi.
Komandir Vladimir Sharpatov boshchiligidagi ekipaj avval ham Afgʻonistonga oziq-ovqat va boshqa yuklarni olib kelgandi. Qolaversa, ular tashiyotgan yuk yuridik jihatdan qonuniy edi. Shu bois ekipaj bu odatiy missiyalardan biri boʻlishiga ishonardi. Biroq kutilmaganda “Tolibon” harakatining norasmiy poytaxti boʻlgan Qandahordan aloqaga chiqishdi.
— 76842-bort, siz Qandahorga qoʻnasiz.
— Nega? Bizning parvoz rejamizda bu yerga qoʻnish yoʻq.
— Yukni tekshirishimiz kerak.
— Biz qoʻna olmaymiz.
Ekipaj dispetcherning qoʻnish talabini eʼtiborsiz qoldirdi. Shunda radio stansiyadan boshqa bir ovoz eshitildi. “Volodya, bu senmisan”, deya bosh uchuvchiga murojaat qildi u. Nomaʼlum ovoz sohibi Sharpatovning eski tanishi, shuningdek Il-76 samolyotini ortdan taʼqib qilayotgan MiG-21 qiruvchisini boshqarayotgan shaxs edi.
Hammasi qanday boshlangan?
Afgʻonistonga qoʻshin kiritish rejasi Sovet Ittifoqi uchun navbatdagi maxsus amaliyot boʻlishi kutilgandi. Biroq imperiya buning oʻrniga qariyb 10 yil davom etgan mojaroga aralashib qoldi. Alal oqibat, Qizil armiya afgʻon zaminini sharmandalarcha tark etishga majbur boʻldi. Shunga qaramay, mamlakatda urush toʻxtamadi. Bir vaqtlar umumiy dushmanga qarshi jang qilgan afgʻonistonliklar endi oʻzaro kurash boshladi. Bu urushda Pokiston madrasalarida shakllangan kuch “Tolibon” harakatning qoʻli baland kelayotgandi. Toliblar boshqaruvi ostida yashashni istamagan kuchlar Shimoliy Alyans nomli ittifoq tuzishdi. Burxoniddin Rabboniy, Abdulrashid Dostum va Ahmad Shoh Masʼud uning liderlari edi.
Sovet Ittifoqi Afgʻonistonga bosqin uchun jazolanmay qolmadi. Urushda koʻrilgan talafotlar, xalqaro sanksiyalar hamda bosqinchilikning maʼnaviy oqibatlari imperiyani qulatgan asosiy omillardan biri boʻldi. Mustamlakalaridan ajralgan Rossiyada iqtisodiy vaziyat yaxshi emasdi. Federatsiya tarkibidagi subyektlarda oʻz ixtiyoridagi yirik samolyotlarni xizmatda saqlab turish uchun yetarli mablagʻ yoʻq edi. Vaziyatdan foydalangan uddaburon kishilar ularni arzon narxlarda sotib olib, kargo kompaniyalari ochishdi. Buning uchun ham mutaxassislar, ham moddiy-texnik baza bor edi. Qolaversa, Rossiya firmalari yevropalik raqobatchilaridan ko‘ra arzonroqqa xizmat koʻrsatishardi.
Tataristonning “Airstan” kargo firmasi shu tariqa vujudga keldi. Kompaniya SSSR harbiy hamda fuqaro aviatsiyasi xodimlarini yollab, jamoa shakllantirdi. Albaniyadan Afgʻonistonga oʻq-dori yetkazib berish missiyasi navbatdagi tijoriy buyurtmalardan biri edi. Eng muhimi, yuklar mamlakatning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hukumatiga atalgandi. Shu bois kompaniya bu haqda Moskvani xabardor qilmagandi. Har holda rasmiy versiyalarda shunday yoziladi.
Taʼkidlash joiz, buyurtma ortida rossiyalik sobiq harbiy tarjimon Viktor But turgan edi. Sovet omborlaridagi qurol-yarogʻlarni arzon narxda sotib olib, mojaro zonalariga yetkazib bergani sabab unga “qurol baroni” taxallusini berishgan. Shunday qilib, Albaniyada yuk ortilgan samolyot Birlashgan Arab Amirliklarida toʻxtab, yonilgʻi quydi. Keyin esa Afgʻoniston tomon parvozni davom ettirdi.

Foto: SI yordamida tayyorlandi
Qandahor osmonida ularni “Tolibon” havoga koʻtargan MiG-21 qiruvchisi tutib oldi. Ekipaj komandiridan “Volodya, bu senmisan”, deb soʻragan uchuvchi podpolkovnik Gʻulom Javonixon edi. U bir vaqtlar SSSRda tahsil olgan, keyinchalik Afgʻonistonda sovet uchuvchilari bilan birga jang qilgan edi. Biroq keyinchalik “Tolibon” Gʻulomning oila aʼzolarini garovga olib, oʻzi uchun ishlashga majbur qildi. Vladimir Sharpatov uning professional uchuvchi ekanini bilgani uchun buyruqqa boʻysunmaslik qanday oqibatlarga olib kelishini yaxshi tushunardi. Soddaroq aytganda, Gʻulom uchun bahaybat samolyotni urib tushirish pista chaqqandek oson ish edi.
Shunga qaramay, ekipaj tavakkal qilib, taʼqibdan qutulmoqchi boʻldi. Gap shundaki, MiG-21 qiruvchilarining yonilgʻi zaxirasi atigi 40 daqiqa parvozga yetadi. Ruslar dispetcherga Il-76 samolyotida yonilgʻi koʻpligini, shu bois bunday holatda qoʻnish xavfli ekanini taʼkidlab, aerodrom atrofida ucha boshladi. Bu vaqtni choʻzishga urinish edi. Biroq ekipaj kutilmaganda toliblar navbatdagi qiruvchini parvozga shaylayotganini koʻrib qoldi. Qolaversa, shu vaqtda oxirgi ogohlantirish berildi. Ularda boʻysunishdan boshqa chora qolmagandi.
Shunday qilib, Il-76 “Ilyushin” Qandahor aerodromiga qoʻndi. Bir zumda atrofni qurollangan odamlar oʻrab oldi. Ular samolyot saloniga kirib, yukni tekshira boshlashdi. Rossiyalik uchuvchilardan biri Sergey Butuzov oʻsha holatni quyidagicha eslaydi:
Ular kirib qanday yuk olib ketayotganimizni soʻrashdi. Biz yashiklarga oʻq-dori ortilganini aytdik. Ularga barcha hujjatlarni koʻrsatdik. Ammo ularni qolganlaridan kattaroq bir yashik qiziqtirardi. Ochib koʻrilganda, uning ichidan 23 millimetr kalibrli snaryadlar chiqdi. Biz bundan bexabar edik. Qolgan barcha yashiklarda esa 7,62 millimetrli avtomat patronlari joylashtirilgandi. Keyinchalik aniqlanishicha, aynan oʻsha yashikda tashishga taqiqlangan snaryadlar boʻlgan. Uni samolyotga uchishdan sal oldin yuklashgan.
Oradan koʻp oʻtmay, aerodromga mahalliy aholi oqib kela boshladi. Ular hali Qizil armiya qilgan xunrezliklarni unutishmagandi. Shu bois aholi orasida “shoʻroviylar musulmonlarni oʻldirish uchun qurol olib kelishyapti”, degan gap tarqala boshladi. “Tolibon” istalgan vaqtda rus uchuvchilarini oʻldirishi mumkin edi. Biroq ularning rejasi uchun rossiyaliklarning jasadi emas, tirik yashab turgani yaxshiroq edi. Shu bois ekipajning hayotini saqlab qolib, soʻroqqa olib ketishdi. Vladimir Sharpatov buni quyidagicha eslaydi:
Meni soʻroqqa olib ketishdi. Atrofimda avtomat koʻtargan afgʻonlar oʻtirardi. Ularning oʻrtasida esa bir koʻzi koʻr boʻlgan Tolibon rahbari — mulla Umar oʻtirgandi. U meni soʻroq qildi. Yuk qayerdan kelgani, jarayonni kim tashkil qilgani va shu kabi barcha narsalarga qiziqdi.
Qoʻlga olinishidan avval ekipaj oʻz aviakompaniyasi vakolatxonasi bilan radio orqali yashirincha aloqaga chiqib, voqea haqida xabar berdi. Oradan koʻp oʻtmay, bu maʼlumotdan Moskva ham xabardor etildi. Shundan soʻng darhol ularni ozod qilish uchun operativ guruh tuzildi. Ammo bu juda noqulay vaziyatga toʻgʻri kelgan edi. Kreml alamli mag‘lubiyat sabab Afgʻonistonni eslagisi kelmas, qolaversa Rossiyaning endi oʻz urushi — Checheniston bor edi. Qolaversa, Yelsin jamoasi kelgusi yil boʻlib oʻtadigan saylovlar bilan band, siyosatchilarni kim qaysi vazirlikni boshqarishi koʻproq oʻylantirardi.
Ekipaj birinchi kechani samolyot ichida oʻtkazishdi. Ikkinchi kuni esa Il-76 ning yonida, yaʼni ochiq osmon ostida tunashga majbur boʻlishdi. Bu vaqtda “Tolibon” samolyot va uchuvchilarni nima qilish haqida oʻylayotgandi. Uchinchi kuni ularni mashinaga oʻtkazib, aerodromdan taxminan 50 km uzoqlikdagi eski binoga olib borishdi. Uning devori kazarma bilan tutash edi. Binoni kun-u tun qoʻriqlashardi. Toliblardan biri uchuvchilarga ularni sharoit hukmiga binoan sud kutayotganini aytdi. Buni esa ular o‘lim hukmi sifatida tushunishgandi.
Shunday qilib, ekipajning baland devorlar bilan oʻralgan tor hovlidagi stressli hayoti boshlandi. Jazirama issiqda hech qanday mashgʻulot yoʻqligi ular orasida muhitni murakkablashtirib borardi. Kunlar oʻtishi bilan tortishuvlar, dahanaki janglar yuz bera boshladi. Taʼminot masalasiga kelganda, ular atigi toʻrt-beshta kartoshka, qoʻy yogʻ va suyakli goʻsht berilganini aytishadi. Bularning barchasi yetti kishiga taqsimlanardi. Ammo oshpaz “mehmonlarni” tansiq taomlar bilan siylagan kunlar ham yoʻq emasdi.
Muzokaralar
“Tolibon” asirligida saqlanayotgan ekipajning ikki nafari tatarlar edi. Qolaversa, “Airstan” kompaniyasi Qozon shahrida roʻyxatdan oʻtgandi. Shu bois Tatariston prezidenti Mintemir Shamiyev yordam berishga qaror qildi. Uchuvchilar asirga tushganidan ikki oy oʻtib Respublika rahbarining tashqi aloqalar boʻyicha maslahatchisi Temur Akulin hamda “Airstan” menejeri Qandahorga keldi. Ular oʻzlari bilan asirlarga oziq ovqat, shaxsiy gigiyena vositalari, uchuvchilarning yaqinlaridan xatlar va albatta, yashirincha aroq olib kelgandi.

Temur Akulin dastlabki kunlardan muzokaralar oson oʻtmasligini tushunib yetdi. Toliblar Tatariston delegatsiyasidan goʻyoki urush vaqtida Rossiyaga olib ketilgan 6 ming kishini “ozod qilishni” soʻradi. Delegatsiya ortga roʻyxat bilan qaytdi. Biroq oʻrganishlardan soʻng roʻyxatda ismi keltirilgan insonlar Rossiyada emasligi oydinlashdi. Shundan soʻng toliblar oʻz talabini yangilab, Moskva Afgʻonistonning tan olingan hukumatiga yordam bermasligini soʻradi. Bu “Tolibon” uchuvchilarni osonlikcha ozod qilmoqchi emasligini yana bir bor koʻrsatar edi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Tatariston rahbariyati yordam soʻrab AQSH prezidentiga, Pokiston bosh vaziriga va boshqa yetakchilarga murojaat qildi. Uchuvchilarning yaqinlari esa Tyumenda qoʻmita ochib, petitsiyalar imzolashdi va umid ilinjida turli manzillarga xatlar yuborishdi. Ular orasida Kreml ham, Oq uy ham bor edi. Bu orada Temur Akulin Qandahorga taxminan 28 marta kelib ketdi. Oxirgi urinishlarnig birida tomonlar va nihoyat murosa yo‘lini topdi.
Rossiya delegatsiyasi asirlarni ozod qilish evaziga katta hajmda gumanitar yordam vaʼda qilgan. Biroq ayrim manbalarga koʻra, toliblarni bu qiziqtirmagan. Shundan soʻng rossiyaliklar KAMAZ yuk mashinalari, samolyotlar uchun ehtiyot qismlari hamda taxminan 2 mln dollar pul vaʼda qilgan. “Tolibon” muzokarachilarini bu taklif qanoatlantirgan. Mablagʻlar federal byudjetdan ajratilib, Birlashgan Arab Amirliklariga olib kelingan. Biroq toliblar oxirgi pallada fikridan qaytgan. Endi ular Rossiya tashqi ishlar vaziri uchuvchilarni olib ketish uchun shaxsan Qandahorga kelishini, boshqacha aytganda, “Tolibon”ni de-facto tan olishini xohlashardi.

Foto: Ijtimoiy tarmoq
Qochishga tayyorgarlik
Rossiya delegatsiyasi uyga asirlarning qon namunalari bilan qaytdi. Tahlil natijasida shifokorlar ularning kuchli stressda ekani, jahldor va tajovuzkor boʻlib qolgani va ovqatlanish rejimi buzilgani haqida xulosa berdi. Ammo endi ularda biroz umid bagʻishlaydigan moslama bor edi. Delegatsiya Tatariston prezidentining sunʼiy yoʻldosh telefonini asirlarga topshirishga muvaffaq boʻldi. Bu chinakam moʻjizaviy voqea edi. Boisi qurilma kichikroq chamadon oʻlchamidek kelar, uni qurol deb oʻylash ham hech gap emasdi. Shu tariqa ekipaj yaqinlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlanish imkoniga ega boʻldi. Bu ularda qochishga xohishni kuchaytirdi.
“Tolibon” Il-76 samolyoti qimmatbaho texnikadan bir uyum metallga aylanib qolishini istamas, undan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanmoqchi edi. Shu bois ekipajdan oʻz uchuvchilarini tayyorlab berishni soʻradi. Sharpatov avvaliga buni rad etdi. Keyinroq jamoa qochish haqida bir toʻxtamga kelgach, aerodromga qaytish yoʻllarini izlashdi. Ekipaj sardori samolyotga texnik xizmat koʻrsatish kerakligini, aks holda dvigatellar ishdan chiqishini aytdi. Bu vaqtda samolyot hali ham qoldirilgan joyida, eng muhimi, yonilgʻi bilan turgandi.

Shunday qilib, 1996-yilning fevral oyida ularni aerodromga olib borishdi. Avvaliga toliblar tavakkal qilmaslik uchun ekipajning baʼzilarini garov sifatida qoldirishdi. Biroq keyinchalik qoʻriqchilar boshligʻi ierarxiya boʻyicha yuqorilab, oʻrniga boshqasi keldi. Sharpatovning eslashicha, u avvalgisidan yoshroq va tajribasizroq bo‘lgan. Buni qoʻmondonning butun ekipaj aerodromga borishiga ruxsat bergani ham tasdiqlaydi.
Asirlarning kundalik mashgʻuloti samolyotning texnik holatini tekshirish, dvigatellarni sinab koʻrish va afgʻon uchuvchilarni tayyorlashdan iborat edi. Ammo bu jarayonning tashqaridan koʻrinishi edi. Aslida esa ular vaqtni choʻzib, aerodromni koʻzdan kechirishar va samolyotni qochishga tayyorlashardi. Ekipaj aʼzolaridan biri toliblardan velosiped olib, sayr qilishni sogʻinganini aytdi va bahonada aerodromni aylanib chiqdi. Sharpatov esa uchish-qoʻnish yoʻlagi yonida turgan Zu-23-2 zenit-artilleriya tizimiga yaqinlashish uchun oʻzida jurʼat topdi. Natijada qurol uchun muntazam navbatchilik yoʻlga qoʻyilmaganini bilib oldi. Aks holda toliblar uning yordami bilan samolyotni oʻqqa tutishi mumkin edi.
Shu tariqa kunlar, kunlar ortidan oylar oʻtaverdi. Bu orada ekipaj havoga koʻtarilmay, aerodromni bir necha bor aylanib chiqishdi. Bu “Tolibon” ishonchini qozonishga, aniqroq aytganda, ularning hushyorligini pasaytirishga yordam berdi. Sharpatov vaziyatdan foydalanib, qochishni rejalashtirdi. U aerodromdagi MiG-21 qiruvchisi havoga koʻtarilishi uchun taxminan 15 daqiqa ketishini, uchuvchi tezlik oʻrtasidagi farq sabab 10 daqiqada yetib olishini hisoblab chiqdi. Boshqacha aytganda, “Tolibon” uchuvchisi rossiyalik hamkasblarini tutib olishi, ehtimol urib tushirishi uchun 25 daqiqa kifoya qilardi. Biroq xuddi shu oʻrinda MiG-21 ning texnik xususiyatlari yana pand beradi. Samolyot yonilgʻisi atigi 40 daqiqaga yetgani bois u taʼqibni uzoq davom ettira olmas, ortga qaytishga majbur boʻlardi.
1996-yilning 16-avgust kuni erta tongda ekipajni uygʻotishdi. Bu toliblar uchun odatiy kunlardan biri edi. Biroq uchuvchilar sananing ahamiyatini yaxshi anglashardi. Ular qochish uchun eng qulay fursat yetgani haqida bir toʻxtamga kelib boʻlgan, oqibati qanday boʻlishidan qatʼiy nazar asirlikdan qutulishga urinib koʻrishadi.
“Biz har qanday holatda ham bugun uchamiz degan qarorga keldik. Chunki keyin yana barchamizning bir vaqtda samolyotga chiqishimizga imkon boʻlish-boʻlmasligini hech kim bilmasdi. Hatto bizni oʻldirishlari ham mumkin edi. Halokatga uchrashimiz ham mumkin edi. Lekin ekipajning barcha aʼzolari bir ovozdan rejani maʼqullashdi va biz tayyorgarlikni boshladik”, degan ekipaj a’zolaridan biri.
Uchuvchilar quyosh kerakli nuqtaga koʻtarilib, taʼqibni qiyinlashtiradigan darajaga yetishi uchun shinalarni almashtirish va boshqa jarayonlar bilan vaqtni choʻzishga urinardi. Qolaversa, 16-avgust jumaga toʻgʻri kelgan, rossiyaliklar esa musulmonlar bu kunda asosan dam olib, jamoat bilan ibodatga borishlarini yaxshi bilardi. Ularning kutilmasi oʻzini oqladi: aerodromda toliblar odatdagidan kamroq edi. Ammo shinalar almashtirilgach qoʻriqchilar boshligʻi ekipajni ortga qaytarmoqchi boʻldi. Sharpatov va hamrohlari uni hali ish yakunlanmaganini ishontirdi.
Bu paytda qoʻriqchilar boshqaruv kabinasida qurol oʻqtalib turardi. Uchuvchilar dvigatelni ishga tushira boshladi. Ammo issiq havo sabab yordamchi quvvat qurilmasi ishlamadi. Natijada dvigatel oʻchib qoldi. Bu ekipajning baxti edi. Sharpatov dvigatel sovishi kerakligini, bu uchun taxminan yarim yo bir soat talab etilishini aytdi. Natijada qochish rejasini Juma namozigacha surish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Peshin vaqti yaqinlashgani sari samolyotda qoʻriqchilar kamaya boshladi. Alal oqibat yuk boʻlmasida uch nafar avtomat koʻtargan afgʻonistonlikdan boshqa hech kim qolmadi. Qolganlar yo ibodatga ketgan, yo issiqqa chidamay aerodrom binolariga kirib olgandi. Shundan soʻng ekipaj rejaga kirishdi. Dvigatellar uchinchi urinishda ishga tushdi. Soqchilar hech narsadan shubhalanmayotganini koʻrgan komandir orqa yuk rampasini yopishga buyruq berdi. Shu payt yordamchi quvvat qurilmasi yana oʻchib qoldi. Ammo bu vaqtga kelib bir yoki ikkita dvigatel allaqachon ishlab turgan edi. Qolagani esa yoʻl-yoʻlakay yoqildi.
Il-76 “Ilyushin” asta-sekin yoʻlak boʻylab harakatlana boshladi. Avvaliga bu hech kimni shubhalantirmadi. Boisi qurolsiz uchuvchilar avtomat koʻtargan uch kishi bilan birga qochib ketishi mumkinligi aqlga sigʻmasdi. Ular samolyot avvalgidek aerodrom boʻylab biroz aylanib keladi va yana shu yerga qaytadi, deb oʻylashgandi. Ammo u kutilmaganda tezlasha boshladi.
Qoʻriqchilari uchuvchilarning asl niyatini tushungan zahoti sarosimaga tushib qolishdi. Ularning baʼzilar samolyot tomon yugurdi, boshqalari esa Ural yuk mashinasi va avtomobillarda taʼqib qilishga kirishdi. Il-76 esa uchish-qoʻnish yoʻlagiga chiqish uchun keskin burildi. Shu paytda samolyot qattiq qiyshayib, qanoti yerga tegishiga bir baxya qoldi. Yuklama yana biroz oshganda, shassi bardosh berolmay qolishi mumkin edi. Bu paytda taʼqibchilar samolyotga yaqinlashib kelayotgandi.
Samolyot shu tariqa uchish-qoʻnish yoʻlagining oxirga yaqinlasha boshladi. Ammo u havoga koʻtarilish uchun 280 km/soat tezlikka chiqishi kerak edi. Il-76 oʻz tezligini 230-240 km/soatga yetkazdi. Ortiq kutishga vaqt qolmagandi. Sharpatov, qulab tushish xavfi boʻlsa ham, shassini koʻtarishga buyruq berdi. Samolyot uchish-qoʻnish yoʻlagi tugagan joydan, yaʼni aerodrom chegarasini ajratib turgan sim toʻrning shundoqqina ustidan uchib oʻtdi. Yukxonada turgan uch nafar qoʻriqchi nima boʻlayotganini ayni shu lahzada tushunib qoldi. Ular avtomatlarining zatvorini tortishdi. Hamma chuqur nafas ola boshladi. Ekipaj qoʻriqchilarni tinchlantirishga urindi. Ammo bu foydasiz edi. Toliblardan biri avtomat bilan kabinaga kirib kela boshladi. Uning quroliga urib, oʻqdonini tushirib yuborishdi.
Shu payt komandir avvaldan kelishilgan signalni berib, samolyotni keskin yuqoriga tortdi va yana pastladi. Muvozanatni yoʻqotgan toliblar yiqilib tushdi. Bir necha daqiqa davom etgan mushtlashuvdan soʻng ularni qurolsizlantirib, qoʻl-oyoqlari bogʻlashdi. Quruqlikda esa “Tolibon” MiG-21 ni havoga koʻtara oladigan odamni qidirardi. Oʻsha kuni juma boʻlgani bois Gʻulom Javonixon shaharga ketgan edi. Natijada qiruvchi boshqaruvi yosh va tajribasiz uchuvchiga qoldi. U havoga koʻtarilayotib, yoʻl chetida turgan snaryadga tegib ketdi. Natijada samolyot safdan chiqdi. Ikkinchi MiG-21 aerodromni tark etganda esa ancha vaqt oʻtib boʻlgandi.
Sharpatov Rossiyaga parvoz qilmadi. Chunki toliblar uni ayni shu yoʻnalishdan izlardi. Pokiston varianti esa yanada xavfliroq edi: chunki mamlakat chegarani noqonuniy kesib oʻtish uchun oʻlim jazosini belgilagandi. Shunda ekipaj Birlashgan Arab Amirliklariga qaytishga qaror qildi. Bu uchun Eron havo hududini kesib oʻtishga toʻgʻri kelardi. Uchuvchilar buning ham chorasini koʻrib qoʻygandi. Temur Akulin boshchiligidagi delegatsiya ularga maxfiy kod olib kelib bergandi. Ekipaj xuddi shu koddan foydalandi. Natijada eronlik dispetcherlar ularni odatiy tijorat safaridan qaytayotgan An-12 deb oʻyladi.
Biroq Eron havo hududiga yetib olish ham oson boʻlmadi. Sharpatov “Tolibon” radarlari payqay olmaydigan darajada past, zenit-artilleriya tizimlari urib tushira olmaydigan darajada baland uchdi. Qolaversa, ikkinchi MiG-21 uning joylashuvini hiyla yordamida aniqlashga urindi. Uchuvchi Il-76 ekipaji bilan radio orqali bogʻlanishga urindi. Ammo rossiyaliklar javob bermay, oʻzaro muloqot uchun ichki aloqa kanalidan foydalandi.
“Qiruvchi samolyot havoga koʻtarildi. Uchuvchi radio orqali biz bilan bogʻlanishga harakat qildi. U hiyla ishlatmoqchi edi. Aftidan, bizni aldashni oʻylagan. Agar biz javob berganimizda, ularning radiopelengatori darhol samolyotimizning joylashuvini aniqlab olardi. Shuning uchun biz mutlaqo jim turdik. Biz mana shunday mayda tafsilotni ham oldindan hisobga olgan edik”, degan ekipaj a’zolaridan biri.
378 kunda yakuniga yetgan asirlik
Oradan biroz vaqt oʻtgach, samolyot Sharja aeroportiga muvaffaqiyatli qoʻndi. Ularni huquq-tartibot idoralari hamda Rossiya elchixonasi xodimlari kutib oldi. Il-76ga birinchi boʻlib politsiyachilar kirdi. Ular qoʻl-oyoqlari bogʻlangan “Tolibon” aʼzolariga kishan taqib, hibsga olishdi. Ekipajni esa hamkasblari quchoq ochib qarshiladi. Sharpatovning kulib eslashicha, soqoli oʻsib ketgani uchun ba’zilar uni avvaliga “Tolibon” aʼzosi deb ham oʻylashgan.
Sharjaga kelib qo‘nganidan uch kundan so‘ng ekipajni Moskvaga kuzatib qoʻyishdi. Rossiya Bosh vaziri Viktor Chernomirdin ularga yuksak davlat mukofotlarini topshirdi. Ekipaj komandiri Vladimir Sharpatov va ikkinchi uchuvchi Rossiya Qahramoni unvoni bilan taqdirlandi. Qolganlar esa “Jasorat” ordeni bilan mukofotlandi. Uchuvchilar asirlik davrida mustahkamlangan doʻstlik aloqalarini saqlab qolishga qaror qilishdi. Shu bois vaqti-vaqti bilan ziyofatlarda uchrashish anʼanasini yoʻlga qoʻyishdi. Bunday bazmlarda ularga oilalari ham hamrohlik qiladi.
Uchuvchilar Qandahordan qochganidan bir oy oʻtib Kobul shahri Shimoliy Alyans qoʻlidan ketdi. “Tolibon” u yerda oʻz hokimiyatini oʻrnatib, 2001-yil AQSH qoʻshin kiritmaguncha poytaxtni nazorat qildi. Il-76 ekipaji toliblar samolyot yoʻnalishi hamda vaqtini qanday aniqlagani haqida bahsli taxminlarni ilgari suradi. Ularning fikricha, “Tolibon” ixtiyorida zamonaviy radar tizimlari boʻlmagan, ularga samolyot va undagi yuk haqida xorijiy razvedka xizmatlari xabar bergan. 2010-yili rejissyor Andrey Kavun tomonidan ushbu voqealarga bagʻishlangan “Kandagar” (Qandahor) jangovar-dramatik filmi suratga olindi.








