Daryo

Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun Shengen vizalarini noqonuniy olib berganlikda gumon qilinayotgan guruh fosh etildi

Guruh kamida 76 nafar O‘zbekiston fuqarosi uchun viza rasmiylashtirgan bo‘lishi mumkin. Bir dona viza uchun 2 ming yevro, aviachipta uchun yana 2 ming yevro, qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun esa 400 yevro talab qilingan.

2 daqiqa o‘qish17 115 ko‘rishlar0 izoh10

Germaniyada O‘zbekiston fuqarolari uchun noqonuniy ravishda Shengen vizalarini rasmiylashtirib berganlikda gumon qilinayotgan xalqaro guruhga qarshi yirik maxsus operatsiya o‘tkazildi. Bu haqda DPA agentligi xabar bermoqda.

Germaniya prokuraturasining ma’lum qilishicha, tergov doirasida chet elliklarni noqonuniy olib kirish, mamlakatda noqonuniy yashashni tashkil etish, viza olishda firibgarlik va hujjatlarni qalbakilashtirish holatlari o‘rganilmoqda.

Mazkur ish bo‘yicha Germaniyaning Hessen va Quyi Saksoniya federal yerlaridagi yettita manzilda tintuv o‘tkazilgan. Operatsiyaga 220 nafarga yaqin federal politsiya xodimi jalb qilingan.

“Tergovchilar e’tiborida asosan O‘zbekiston fuqarolaridan iborat bo‘lgan, xalqaro miqyosda faoliyat yuritgan guruh turibdi. Tintuvlar davomida 12 nafar gumonlanuvchi aniqlangan. Shuningdek, Germaniyada noqonuniy yashayotgan yana 9 nafar shaxs ham tekshiruvga olingan”, deyiladi xabarda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar ish izlab Yevropaga ketmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun qisqa muddatli Shengen vizalarini rasmiylashtirib bergan. Buning uchun ular davlat idoralariga yolg‘on ma’lumotlar taqdim etgan va soxta hujjatlardan foydalangan.

Tergov materiallarida qayd etilishicha, Germaniyaga kirib kelgan shaxslarga keyinchalik qalbaki Yevropa Ittifoqi hujjatlari ham berilgan. Ushbu hujjatlar yordamida bank hisobvaraqlari ochilgan, mobil telefon raqamlari faollashtirilgan, shuningdek, turli davlat idoralari va sug‘urta tizimlarida ro‘yxatdan o‘tish ishlari amalga oshirilgan.

Huquq-tartibot organlari ma’lumotiga ko‘ra, guruh kamida 76 nafar O‘zbekiston fuqarosi uchun viza rasmiylashtirgan bo‘lishi mumkin. Bir dona viza uchun 2 ming yevro, aviachipta uchun yana 2 ming yevro, qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun esa 400 yevro talab qilingan.

Tintuvlar davomida turli Yevropa davlatlariga tegishli deb taxmin qilinayotgan soxta shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, haydovchilik guvohnomalari, 20 dan ortiq mobil telefon va ikkita noutbuk musodara qilingan. Shuningdek, bank, sug‘urta va ro‘yxatdan o‘tishga oid hujjatlar ham olib qo‘yilgan.

Ma’lum qilinishicha, tergov 2025-yil oktabr oyida Pragadan Amsterdamga yo‘l olgan xalqaro avtobusda O‘zbekiston fuqarosining tekshirilishi ortidan boshlangan. Uning yuklari orasidan bir nechta soxta Latviya shaxsiy guvohnomalari va qalbaki Polsha haydovchilik guvohnomasi topilgan. Shundan so‘ng tergovchilar noqonuniy sxema ortida turgan shaxslarni aniqlashga kirishgan.

Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda. Germaniya prokuraturasi asosiy gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.

May oyi o‘rtalarida Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi viza sotgani ortidan rossiyaliklar uchun Shengen tartibi qat’iylashgani xabar qilingandi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar