Daryo

Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi viza sotgani ortidan rossiyaliklar uchun Shengen tartibi qat’iylashdi

Sobiq elchi va uning yordamchisi talabga javob bermagan rossiyaliklar uchun 4 mingdan 16 ming yevrogacha vizani pullagani ma’lum bo‘lgandi.

1 daqiqa o‘qish7 503 ko‘rishlar0 izoh1

Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Piergabriele Papadia de Bottini di Sant’Agnese rossiyaliklarga viza sotishda ayblanib qo‘lga olingandi. Mazkur jinoyat ortidan Italiya Rossiya fuqarolaridan hujjat qabul qilishni qat’iylashtirdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Rossiyada faoliyat yurituvchi Italiyaning VMS va AlmavivA viza markazlari vositachilar orqali hujjat qabul qilishni to‘xtatdi. Endilikda ariza topshiruvchilar viza markaziga shaxsini tasdiqlovchi hujjat va tasdiqlangan onlayn navbat bilan shaxsan kelishi shart.

Italiya ayrim turistik firmalarning akkreditatsiyasini saqlab qolgan. Biroq bu faqat ushbu firmalar orqali to‘liq turpaket (mehmonxona, aviachipta va sug‘urta) rasmiylashtirilgan taqdirdagina amal qiladi.

“Qoidalarning qat’iylashtirilishi rossiyaliklar uchun yozgi mavsumda Italiyaga sayohat qilishni savol ostiga qo‘yadi”, deya ta’kidladi Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi (ATOR).

Mutaxassislarning taxminicha, Moskva viloyatidagi arizachilar mustaqil hujjat topshirgan taqdirda viza markaziga iyun oxirida kelishi mumkin. Boshqa hududlardan kelgan sayyohlar esa iyulgacha kutishiga to‘g‘ri keladi. Hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati inobatga olinsa, viza olish jarayoni to‘rt oygacha cho‘zilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, endilikda ma’lumotlar yanada qat’iy tekshiriladi.

Sobiq elchining “viza biznesi”

Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Rossiya fuqarolariga noqonuniy ravishda viza sotgani aniqlandi. Rim prokuraturasiga ko‘ra, u o‘z yordamchisi Tatyana Tarakanova bilan birga rossiyaliklarga uzoq muddatli turistik vizalar rasmiylashtirish sxemasini yo‘lga qo‘ygan.

Foto: Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi / Facebook

Aslida ushbu shaxslar Shengen zonasi talablariga javob bermagan. Rasmiy konsullik yig‘imi 45–60 yevro bo‘lishiga qaramay, rossiyaliklar noqonuniy vizalar uchun 4 mingdan 16 ming yevrogacha pul to‘lagan.

Surishtiruv ishlari 2025-yilning yozida Italiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvdan so‘ng boshlandi. Tekshiruv viza rasmiylashtirishda ommaviy qoidabuzarliklar borligini ko‘rsatdi. Elchi bu ishni moddiy manfaat uchun qilganini tan oldi.



Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar