Shavkat Mirziyoyev 4-iyun kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Global ekologik jamg‘arma 8-assambleyasi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Unda davlat rahbari bir qator tashabbuslarni ham ilgari surdi.
Prezident ushbu yig‘ilish 5-iyun — Butunjahon atrof-muhit kuni arafasida o‘tayotgani alohida ramziy maʼnoga egaligini ta’kidlab, anjuman ishtirokchilarini ushbu muhim sana bilan tabrikladi.
Bugungi kunda insoniyat misli ko‘rilmagan inqirozlar — iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolib borishi, atrof-muhit ifloslanishi kabi tahdidlarga duch kelayotganini, bu kabi muammolarni hal etishda Global ekologik jamg‘arma alohida o‘rin egallab kelayotganini qayd etdi. 186 ta davlatni birlashtirgan ushbu global hamkorlik platformasi hozirga qadar 170 milliard dollardan ziyod mablag‘ni ekologik loyihalar uchun safarbar etgani tahsinga sazovor ekanini bildirdi.
Prezident assambleya doirasida oltita tashabbusni ilgari surdi.
- Birinchidan. Samarqandni “Markaziy Osiyoning yashil investitsiyalar va innovatsiyalar poytaxti” deb eʼlon qilish taklif etildi. Shavkat Mirziyoyevning qayd etishicha, Samarqandni mintaqaviy “yashil iqtisodiyot”, barqaror rivojlanish va iqlim moliyasi markaziga aylantirish, shaharni pilot “yashil hudud” sifatida rivojlantirishni hamda ushbu tajribani keyinchalik respublikaning boshqa shaharlariga ham tatbiq etish maqsad qilingan.
- Ikkinchidan. Bundan 600 yil muqaddam Mirzo Ulug‘bek Samarqandni ilm-fan markaziga aylantirgan bo‘lsa, bugungi kunda Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi hamkorligida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti qoshida Ulug‘bek nomidagi Barqaror rivojlanish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilmoqda.
Institut hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini yashil va barqaror rivojlanish asosida transformatsiya qilish, xalqaro ilmiy markazlar va moliya institutlarini jalb etish bo‘yicha yetakchi ilmiy-tahliliy platforma bo‘ladi, uning strategik boshqaruvi esa prezident huzuridagi Vasiylik kengashi orqali amalga oshiriladi. - Uchinchidan. Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida Iqlim o‘zgarishi va gidrometeorologiya milliy markazi tashkil etilmoqda.
- Markaz gidrometeorologiya, erta ogohlantirish, glyatsiologiya, iqlim taʼsirini baholash va issiqxona gazlari monitoringini uyg‘unlashtirib, iqlim prognozlari, modellashtirish, moslashuv va mitigatsiya dasturlari, mintaqaviy hamkorlik hamda WMO GAW va NASA AERONET dasturlarida ishtirok etish uchun institutsional zamin yaratadi.
- To‘rtinchidan. Yaqinda Qozog‘iston prezidenti bilan “Toza havo” davlatlararo konsorsiumini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi. Uning faoliyati “yashil” moliyani jalb etish, o‘rmon-melioratsiya, ilmiy tadqiqotlar, sanoatni ekologik modernizatsiya qilish hamda monitoring va nazoratni kuchaytirishga qaratilgan. Prezident mintaqaning barcha davlatlarini konsorsium faoliyatiga qo‘shilishga taklif etdi.
- Beshinchidan. Cho‘llanishga qarshi kurash instituti negizida Orolbo‘yida cho‘llanish oqibatlarini yumshatish, “yashil” qalqonlar barpo etish va iqlim moslashuviga qaratilgan “cho‘l iqtisodiyoti” tashabbusini ilgari surib, uni GEFning ustuvor yo‘nalishlari bilan hamohang holda xalqaro moliyaviy hamda texnik ko‘mak asosida amalga oshirishni taklif etdi.
- Oltinchidan. 2027-yilgi Toshkent investitsiya forumi “Barqaror rivojlanish va yashil investitsiyalar” mavzusida o‘tkazilib, uning doirasida Eco Expo Central Asia xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Forumda har bir hudud yashil investitsiyalarni jalb qilish uchun kamida 100 ta istiqbolli loyihani tayyorlab, investorlarga taqdim etadi.
Davlat rahbari O‘zbekiston Global ekologik jamg‘arma donor mamlakatlari qatoriga qo‘shilishga tayyorligini ham ma’lum qildi. Jamg‘arma kengashi aʼzosi sifatida qo‘shma mintaqaviy tashabbuslarni amaliy qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni kengaytirish maqsad qilingan.








