Ispaniya poytaxti Madridda qimmatlashgan uy ijarasiga qarshi 20 mingdan ortiq odam namoyishga chiqdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Aksiya tashkilotchilari ishtirokchilar sonini 100 ming kishigacha deb baholadi. Ammo hokimiyat vakillari mitingda 23 ming kishi qatnashganini ma’lum qildi. Atocha vokzali oldida boshlangan namoyish “Uy-joy biz uchun qimmatga tushmoqda. Narxlarni tushiring” shiori ostida o‘tgan.
Namoyishchilarning asosiy talabi — muddatsiz ijara shartnomalarini qaytarish, ijara haqini kamaytirish, shahar aholisi uchun eng kam ish haqi va pensiyalarni 1500 yevrogacha oshirishdan iborat. Aksiya tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida Madridda uy-joy ijarasi 50 foizdan ko‘proqqa oshgan va mintaqada kvartiralarni ijaraga olishning o‘rtacha narxi oyiga 1500 yevrodan oshadi.
“Shu sababli, ba’zi oilalar daromadlarining 70 foizdan ortig‘ini uy-joy to‘lovlariga sarflaydi”, deydi Madrid ijarachilar ittifoqi.
Ular sodir bo‘layotgan vaziyatda ko‘chmas mulk egalarini, investitsiya fondlari va agentliklarini, shuningdek, bunday tizimning mavjud bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan hokimiyat organlarini ayblamoqda.
Ispaniya iyun oyida namoyishlar to‘lqiniga tayyorlanmoqda
Madridda bo‘lib o‘tgan bu aksiya iyun oyida Ispaniyaning 24 ta shahrida davom etadigan norozilik namoyishlarining boshlanishi bo‘lishi kerak, deb yozdi El Pais. Uy-joy bilan ta’minlash muammosi Ispaniyada o‘ta dolzarb mavzu bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatga sayyohlar oqimining kuchayishi vaziyatni yanada og‘irlashtirdi. Bunday sharoitda uy egalariga kvartiralarni qisqa muddatga ijaraga berish ko‘proq daromad keltirmoqda. Bu esa mahalliy aholining uzoq muddatli ijara uchun uy topishini qiyinlashtiryapti.
Ma’lumot uchun, 23-may kuni ham o‘n minglab odam Madrid ko‘chalariga chiqib, bosh vazir Pedro Sanchesning zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qilgandi. Ommaviy norozilik aksiyasi davomida namoyishchilar xavfsizlik kuchlari bilan ham to‘qnashgan, oqibatda kamida yetti nafar politsiya xodimi turli darajadagi jarohatlar olgan.








