Ispaniyaning Madrid shahri markazida 7-oktyabr kuni bino qulab tushdi. Fojiada 3 erkak va bir ayol – jami 4 kishi halok bo‘ldi. Yana 10 kishi jarohatlandi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Ushbu bino Opera metro stansiyasi va Qirollik teatriga yaqin, Las Hileras ko‘chasida joylashgan. Voqea yuz bergan paytda binoda taxminan 30-40 kishi ishlayotgan edi. Qutqaruvchilar bir necha soat davomida qulagan bino vayronalari ostidan jabrlanganlarni topishga harakat qilgan. Mahalliy vaqt bilan soat 3:00 atrofida o‘t o‘chiruvchilar so‘nggi 2 jasadni ham topgan.
Madrid meri Xose Luis Martines Almeida qulash sababi hozircha aniq emasligini ma’lum qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, oltinchi qavat qulashi oqibatida undan pastdagi qavatlarning barchasi vayron bo‘lgan. Atrofdagi uylar aholisiga tekshiruv tugagach o‘z uylariga qaytishga ruxsat berilgan.
Halok bo‘lganlar orasida ANKA qurilish kompaniyasining ishchilari bor. Ular Mali, Gvineya va Ekvadordan kelib ishlayotgan bo‘lgan. Shuningdek, qulab tushgan bino ostida loyiha uchun mas’ul bo‘lgan 30 yoshlardagi ma’muriyat xodimi Laura ham halok bo‘lgan. Bir jabrlanuvchi oyog‘idan jarohat olib kasalxonaga yotqizilgan, yana bir nechtasi esa yengil jarohatlar olib, hozirda psixologik yordam olmoqda.
Qutqaruv ishlari uchun dronlar va shahar politsiyasiga tegishli itlar ham jalb qilingan. Shahar merining ta’kidlashicha, bino ta’miri qonuniy amalga oshirilayotgan edi – ish uchun ruxsatnoma fevral oyida berilgan va barcha hujjatlar shaharsozlik qoidalariga mos keladi. 1965-yilda qurilgan ushbu bino Saudiya Arabistoni RSR jamg‘armasi tomonidan mehmonxona sifatida qayta ta’mirlanayotgan edi.








