Ispaniyada 18-yanvar kuni kechasi mudhish temir yo‘l halokati yuz berdi. Ikki tezyurar poyezdning to‘qnashib ketishi oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda politsiya manbalariga tayanib, Reuters xabar berdi.
Voqea Madrid vaqti bilan soat 18:40 larda, poyezd Kordova provinsiyasidan Madrid yo‘nalishi bo‘yicha harakatni boshlaganidan 10 daqiqa o‘tib sodir bo‘lgan. Kordova provinsiyasidagi Adamuz shahri yaqinida (Madriddan 360 kilometr janubda) Malaga—Madrid yo‘nalishida ketayotgan Iryo 6189 poyezdi relsdan chiqib ketgan va qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketgan.
Oqibatda u Madriddan Uelva shahriga qarab ketayotgan Renfe kompaniyasiga qarashli Alvia poyezdi bilan to‘qnashgan. Zarba oqibatida ikkinchi poyezd ham relsdan chiqib, 4 metr balandlikdagi ko‘tarmadan pastga qulagan.
Talafot va jarohatlanganlar
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 21 kishi (jumladan, Madrid—Uelva poyezdi mashinisti ham) qurbon bo‘lgan. Jami jarohatlanganlar soni 100 kishi bo‘lib, ulardan 25 nafarining ahvoli og‘ir. Ta’kidlanishicha, Iryo poyezdi bortida 300 dan ortiq, Renfe poyezdida esa 100 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan.
“Ayni paytda shifoxonalarda 18 kishi qolmoqda: 6 kishi o‘ta og‘ir, 5 kishi og‘ir va 7 kishi turli darajadagi jarohatlar bilan davolanmoqda. Qurbonlar sonining yana ortishidan xavotirdamiz”, dedi Andalusiya sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Antonio Sans.
Ispaniya transport vaziri Oskar Puente Madridning Atocha vokzalida o‘tkazilgan matbuot anjumanida halokat sabablari hozircha noma’lumligini aytdi. U poyezdning aynan tekis yo‘lda relsdan chiqib ketganini juda g‘alati deb baholadi. Ma’lum qilinishicha, yo‘lning ushbu qismi 2025-yilning may oyida yangilangan edi. El Pais nashrining yozishicha, to‘qnashuv vaqtida Renfe poyezdi taxminan 200 kilometr/soat tezlikda harakatlanayotgan bo‘lgan.
Rasmiylar munosabati
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches 19-yanvar kungi barcha uchrashuvlarini bekor qilib, bor e’tiborini fojiaga qaratishini ma’lum qildi. Qirol va qirolicha ham voqealar rivojini xavotir bilan kuzatib bormoqda. Xorijiy elchixonalar o‘z xodimlariga xavfsizliklarini tasdiqlash haqida xabarlar yuborgan.
Ayni paytda halokat joyida harbiylar va favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari qutqaruv ishlarini olib bormoqda. Adif kompaniyasi Madrid va Andalusiya o‘rtasidagi barcha poyezdlar harakatini to‘xtatgan.








