Daryo

AQSH Milliy razvedkasi direktori iste’foga chiqdi

Gabbard o‘z bayonotida “yaqinda suyak saratonining kamdan kam uchraydigan shakli tashxisi qo‘yilgan” rafiqasini qo‘llab-quvvatlashi zarurligini yozgan.

1 daqiqa o‘qish4 691 ko‘rishlar0 izoh1

Talsi Gabbard AQSH Milliy razvedkasi direktori lavozimidan iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza berdi. Bu haqda Fox News o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Ko‘p o‘tmay Gabbardning o‘zi ham buni tasdiqlagan.

U o‘z qarori haqida prezident Donald Trampga 22-may kuni ma’lum qilgan. Gabbard o‘z bayonotida “yaqinda suyak saratonining kamdan kam uchraydigan shakli tashxisi qo‘yilgan” turmush o‘rtog‘ini qo‘llab-quvvatlashi zarurligini yozgan.

“Ayni paytda men uning yonida bo‘lish va ushbu kasallikka qarshi kurashda uni to‘liq qo‘llab-quvvatlash uchun davlat xizmatidan chekinishim kerak”, deya uning bayonotidan iqtibos keltiradi telekanal.

“Menga bildirgan ishonchingiz va so‘nggi bir yarim yil davomida Milliy razvedka direktori idorasiga rahbarlik qilish imkoniyatini berganingiz uchun (Trampga) minnatdorman”, deb yozgan Gabbard.

Talsi Gabbard 2025-yil fevral oyida AQSH Milliy razvedkasi direktori etib tayinlangan edi. Ko‘p o‘tmay u yil oxirigacha idora shtatini 40 foizga qisqartirish niyatida ekanini e’lon qildi. Uning fikricha, idorani qayta tashkil etish uning faoliyatini samaraliroq qiladi va yiliga 700 million dollar tejash imkonini beradi.

Razvedka direktori lavozimida Gabbard AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama va uning ma’muriyati amaldorlarini “fitna”da ayblab, javobgarlikka tortishga chaqirgan edi. Uning fikricha, ular Rossiya 2016-yildagi AQSh prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazishga uringandek taassurot uyg‘otish uchun “razvedka ma’lumotlarini soxtalashtirgan”.

Donald Trampning ma’lum qilishicha, Gabbard ketganidan so‘ng idorani Milliy razvedka direktori o‘rinbosari Aaron Lukas vaqtincha boshqarib turadi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar