Daryo

Tramp razvedkaga Venesuelada maxfiy operatsiyalar o‘tkazishga ruxsat berdi

Manbalar bu prezident Nikolas Maduroni hokimiyatdan chetlatishga qaratilganini aytmoqda. Venesuela rasmiylariga ko‘ra, maqsad “mamlakat neft boyliklarini qo‘lga kiritish” hisoblanadi.

2 daqiqa o‘qish1 500 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidenti Donald Tramp razvedka xizmatiga Venesuelada maxfiy operatsiyalar o‘tkazishga ruxsat berganini aytdi. Oq uy nafaqat dengizda, balki quruqlikda ham narkokartellarga zarba berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

So‘nggi haftalarda AQSH harbiylari Karib dengizida giyohvand moddalar tashiyotgani taxmin qilingan kemalarga kamida 5 marta hujum qildi. Oqibatda 27 kishi halok bo‘ldi. BMTning inson huquqlari bo‘yicha ekspertlari bu hujumlarni “suddan tashqari qatl” deb atadi.

Tramp AQSH va boshqa davlatlar Venesuela prezident Nikolas Maduroga bosimni kuchaytirmoqchi ekanini aytdi. Bu vaziyatning keskinlashishiga olib kelishi mumkin. AQSH prezidenti 15-oktyabr kuni jurnalistlarga uning ma’muriyati “quruqlikdagi operatsiyalar imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani”ni aytdi.

“Siz nima uchun Markaziy razvedka boshqarmasiga (MRB) Venesuelaga borishga ruxsat berdingiz?” deb so‘radi Oq uydagi jurnalistlardan biri AQSH prezidentidan. 

“Aslida, men ikki sababga ko‘ra ruxsat berdim. Birinchidan, ular o‘z qamoqxonalarini bo‘shatib, mahbuslarni Qo‘shma Shtatlarga jo‘natdi... Ular chegaradan o‘tib keldi. Ikkinchisi — giyohvand moddalar. Bizga Venesueladan ko‘p miqdorda giyohvand moddalar keladi va ularning aksariyati dengiz orqali tashiladi. Hozir biz quruqlikdagi tashuvlarni ko‘rib chiqmoqdamiz, chunki dengiz nazoratimiz ostida”, dedi AQSH prezidenti.

Tramp MRBning Nikolas Maduroni ag‘darishga urinishlardagi ehtimoliy ishtirokiga izoh bermadi. AQSH avvalroq Maduroni qo‘lga olish uchun 50 million dollar mukofot e’lon qilgan edi.

Maxfiy ko‘rsatma haqida gapirgan New York Times manbalarining ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyatining strategiyasi aynan prezident Maduroni hokimiyatdan chetlatishga qaratilgan.

AQSH prezidenti bir necha bor Venesuelani “o‘ta xavfli fentanil moddasining noqonuniy savdosi uchun tranzit punkti” deb atagan. Biroq rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHga kirayotgan fentanilning asosiy manbai Meksika hisoblanadi.

Venesuela munosabati

Venesuela hukumati 15-oktyabr kuni Trampning razvedkaga mamlakatda maxfiy operatsiyalar o‘tkazishga ruxsat bergani haqidagi bayonotini qattiq qoraladi va buni xalqaro huquq hamda BMT nizomini buzish deb atadi. Venesuela rasmiylari bayonotida aytilishicha, AQSHning harakatlari “rejimni almashtirish operatsiyasini qonuniylashtirishga” qaratilgan, uning asosiy maqsadi “Venesuelaning neft boyliklarini qo‘lga kiritish” hisoblanadi. 

  • 14-oktyabr kuni AQSHning so‘nggi zarbasi chog‘ida olti kishi halok bo‘ldi. Kema Venesuela qirg‘oqlari yaqinida hujumga uchradi. Tramp bu kema “giyohvand moddalarni tashiganini, noqonuniy narkoterroristik tarmoqlar bilan aloqada bo‘lganini” aytdi. Avvalgi zarbalarda bo‘lgani kabi, AQSH rasmiylari kemada kim bo‘lganiga aniqlik kiritmadi.
  • Maduro 15-oktyabr kuni Karakas shahri atrofida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish haqida buyruq berdi. Avvalroq, Tramp Karib dengiziga sakkizta harbiy kema, atom suv osti kemasi va qiruvchi samolyotlarni yuborgan. Oq uyning ta’kidlashicha, bu ham giyohvand moddalar kontrabandasiga chek qo‘yishga urinish bilan bog‘liq.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar