Daryo

Toshkent uy-joy bozorida aprel oyida faollik pasaydi — MHTI

Mazkur davrda umumiy e’lonlar soni 44,5 mingtani tashkil qilib, mart oyiga nisbatan 13,4 foizga qisqardi. Narxlar umumiy bozorda keskin o‘zgarmagan, biroq segmentlar kesimida farqlar kuchaymoqda.

1 daqiqa o‘qish3 747 ko‘rishlar0 izoh2

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti 2026-yil aprel oyida Toshkent shahri uy-joy bozori bo‘yicha tahlilni e’lon qildi. Unda ko‘p qavatli uy-joylar narxi, bozor faolligi va segmentlar kesimidagi o‘zgarishlar o‘rganilgan.

Tahlilga ko‘ra, aprel oyida uy-joy bozoridagi faollik pasaygan. Umumiy e’lonlar soni 44,5 mingta bo‘lib, bu mart oyiga nisbatan 13,4 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 17,7 foizga kam. Shu bilan birga, bozorda birlamchi uy-joylar ulushi sezilarli oshgani qayd etilgan. Xususan, birlamchi bozor ulushi 2024-yil yanvardagi 33,8 foizdan 47,6 foizga yetgan. Ikkilamchi bozor ulushi esa 66,2 foizdan 52,4 foizgacha kamaygan.

Institut ma’lumotiga ko‘ra, 2 va 3 xonali uylar segmentida narxlar nisbatan barqaror qolmoqda. Birlamchi bozorda 3 xonali uylar narxi 1,8 foizga, 2 xonali uylar esa 0,7 foizga oshgan. Ayni paytda 1 xonali uylar narxi 1,6 foizga, 4 va undan ortiq xonali uylar esa 2,1 foizga arzonlashgan. Ikkilamchi bozorda esa barcha segmentlarda o‘sish kuzatilgan. Eng yuqori o‘sish 1 xonali uylar segmentida qayd etilib, narxlar 3,5 foizga oshgan.

Tahlilda markazga yaqin hududlarda to‘liq ta’mirlangan uylar narxi yuqoriligicha qolayotgani ta’kidlangan. Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida bunday uylarning 1 kvadrat metri 1413 dollardan 2121 dollargacha baholangan. Shayxontohur, Yunusobod, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida bu ko‘rsatkich 1195—1797 dollarni tashkil etgan. Uchtepa, Olmazor va Sergeli tumanlarida esa narxlar 900—1367 dollar oralig‘ida qayd etilgan.

Mutaxassislar Yashnobod tumanidagi narxlar o‘sishini hududdagi qurilish faolligi, infratuzilma rivoji hamda “Yangi Toshkent” loyihasi bilan bog‘liq kutilmalar bilan izohlagan. Shuningdek, uy-joy oldi-sotdisida naqdsiz hisob-kitob tizimi joriy etilishi hozircha narxlarga keskin ta’sir ko‘rsatmagani, uning yakuniy samarasi yilning keyingi choraklarida aniqroq namoyon bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar