Daryo

Termizda sobiq mansabdor 200 dan ortiq daraxt kesilishida aybdor deb topildi

Shaharning qurilish bo‘limi sobiq boshlig‘i o‘zini aybsiz deb hisoblab, daraxtlarni kesishga ruxsat bor deb o‘ylagani va qurilish tashkilotiga faqat “yordam bergani”ni bildirgan. Apellyatsiya instansiyasida sud dalillar, guvohlar ko‘rsatmalari va ekspertiza xulosalarini tahlil qilib, uni aybli deb topgan.

1 daqiqa o‘qish3 045 ko‘rishlar0 izoh0

Termiz shahar qurilish bo‘limi sobiq boshlig‘i 200 dan ortiq daraxtning kesilishida aybdor deb topildi. Bu haqda 21-may kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida daraxtlarning kesilishi bilan bog‘liq ish qayta ko‘rib chiqildi. Ish materiallariga ko‘ra, sobiq mansabdor hamda “M.T.T” MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, Termiz shahri “Do‘stlik” mahallasi hududidagi daraxtlarni ko‘chirmoqchi bo‘lgan.

Shu maqsadda ular o‘zaro dastlab 20 million so‘mlik shartnoma rasmiylashtirilgan. Biroq hududdagi daraxtlar viloyat Ekologiya hamda Milliy gvardiya boshqarmalari xodimlari tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, qimmatli daraxtlarni ko‘chirish va kesish bo‘yicha murojaat qonunchilik talablariga asosan rad etilgan.

Shunga qaramasdan, qurilish hududidagi 61 tup Eldor qarag‘ayi, 36 tup Virgin archasi, 101 tup Sharq biotasi, 16 tup chinor va 4 tup tut daraxti — jami 217 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangan. Natijada tabiatga 2 milliard 69 million 437 ming 500 so‘m zarar yetkazilgan.

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi
Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi
Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Apellyatsiya instansiyasida sobiq Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i o‘zini aybsiz deb hisoblab, daraxtlarni kesishga ruxsat bor deb o‘ylagani va qurilish tashkilotiga faqat “yordam bergani”ni bildirgan. Biroq sud hay’ati ish bo‘yicha to‘plangan dalillar, guvohlar ko‘rsatmalari hamda ekspertiza xulosalarini atroflicha tahlil qilib, sobiq mansabdorni Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topdi.

Sud hukmiga ko‘ra, aybdorga ish haqining 20 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolinadigan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Dastlabki qamoqda saqlangan muddat inobatga olinib, o‘tashi lozim bo‘lgan yakuniy jazo muddati 1 yil 5 oy 15 kun etib belgilandi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar