Daryo

Rossiyada bankomat va to‘lov terminallarining internetsiz ishlash mexanizmi ishlab chiqildi

Endilikda aholi mobil aloqa cheklangan yoki o‘chirilgan vaziyatlarda ham pulni naqdlashtira oladi yoki turli to‘lovlarni amalga oshira oladi.

2 daqiqa o‘qish4 806 ko‘rishlar0 izoh3

Rossiya Raqamli rivojlanish, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi hamda telekom operatorlari bankomatlar va to‘lov terminallarining mobil internetsiz ishlashiga imkon beruvchi mexanizmlarni ishlab chiqdi. Bu haqda Markaziy bank raisi Elvira Nabiullinaga tayanib “RBK” xabar berdi.

“Raqamli rivojlanish vazirligi bilan doimiy aloqadamiz. Bizga barcha tomonlarni qo‘llab-quvvatlaydigan yechimlar kerak. Yaxshi yangilik bor: Raqamli rivojlanish vazirligi aloqa operatorlari bilan birgalikda mobil internet o‘chirilgan taqdirda ham, bankomatlar va to‘lov terminallarining ishlashiga imkon beruvchi texnik yechimlarni ishlab chiqdi. O‘ylaymanki, bu muammoning katta qismini hal qiladi”, dedi Nabiullina.

U, shuningdek, Markaziy bank va Raqamli rivojlanish vazirligi Rossiyaning barcha banklarini “oq ro‘yxat”ga kiritish imkoniyatini muhokama qilayotganini aytdi.

“Barcha litsenziyalangan kredit tashkilotlarining ushbu ‘oq ro‘yxat’ga kiritilishi ideal va to‘g‘ri holatdir. Bu uzluksizlikni kafolatlaydi. Biror tashkilot ro‘yxatga kiritilmasa, u muayyan imkoniyatlarni yo‘qotadi. Bu, albatta, yoqimsiz holat. Ammo biz texnologiyaning mavjud cheklovlarini ham tushunamiz”, dedi u.

Nabiullinaga ko‘ra, Markaziy bank hozircha barcha banklarni ushbu ro‘yxatga ulay olmaydi. Shu sababli jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Birinchi bosqichga, tabiiyki, yirik, tizimli ahamiyatga ega va o‘ta muhim xizmatlar kiritiladi.

“Bu nafaqat banklarga, balki sug‘urtachilarga ham tegishli. Jarayon aniq tushunarli bo‘lishi uchun hozirda mezonlarni ko‘rib, ishlab chiqyapmiz. Shu bilan birga, biz bunday bosqichma-bosqich yondashuvning kamchiliklarini ham tushunamiz”, deya xulosa qildi u.

“Oq ro‘yxat”ga qaysi xizmatlar kiradi?

“Oq ro‘yxat”ga kiritilgan xizmatlar mobil internet cheklangan davrda ham foydalanuvchilar uchun ochiqligicha qoladi. Ularga davlat xizmatlari, banklar, transport xizmatlari, Rossiya qidiruv tizimlari va marketpleyslar (savdo maydonchalari) kiradi.

Hozirgacha Rossiyaning faqat beshta banki oq ro‘yxatga kiritilgan. Bular: “VTB”, “Alfa-Bank”, “PSB”, “MTS Bank” va “Gazprombank”. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada jami 305 ta bank faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mart oyida Nabiullina faqat bir nechta bankning “oq ro‘yxat”ga kiritilishini adolatli raqobatning buzilishi deb atagan edi. Markaziy bank fikricha, barcha litsenziyalangan banklar ushbu ro‘yxatdan joy olishi kerak.

Aynan o‘sha oyda, internetdagi muammolar fonida, moskvaliklar bankomatlar va to‘lov terminallari nosozligidan shikoyat qilgan edi. May oyida operatorlar abonentlarni xavfsizlik nuqtayi nazaridan 5-maydan 9-maygacha Moskvada mobil internet va SMS xizmatlarida uzilishlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov cheklovlar fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun zarurligini va bu mutlaq ustuvor vazifa ekanini aytdi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar