Iyun oyi boshidan buyon Rossiya hukumati tomonidan “do‘st bo‘lmagan” deb topilgan bir qancha davlatlar fuqarolarining Rossiya banklaridagi omonatlari muzlatib qo‘yildi. Bu haqda “T-Bank”, “Sberbank” va “VTB” mijozlariga tayanib Deutsche Welle xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, “T-Bank” foydalanuvchilariga yuborilgan xabarlarda hisoblar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning farmonini ijro etish maqsadida “jarayonlarni sozlash doirasida” muzlatilgani aytilgan. Bank hisoblari va aktivlari muzlatilgan shaxslar orasida “iste’dod vizasi”ga ega bo‘lganlar, Rossiyaning “an’anaviy ma’naviy va axloqiy qadriyatlariga” sodiqligini e’lon qilgan chet ellik rezident bo‘lmagan shaxslar bor. Shuningdek, “do‘st bo‘lmagan” davlatlardan Rossiyaga ko‘chib o‘tish uchun hujjat topshirayotgan etnik ruslar ham bu cheklovga duch kelgan.
Xorijiy kreditorlar oldidagi majburiyatlar to‘g‘risidagi prezident farmoni
1-iyun kuni Rossiya hukumati “Ayrim xorijiy kreditorlar oldidagi majburiyatlarni bajarishning vaqtincha tartibi to‘g‘risida”gi farmon doirasini kengaytirdi. Bu hujjat “do‘st bo‘lmagan” davlatlar kreditorlariga kreditlar, qimmatli qog‘ozlar va boshqa qarzlar bo‘yicha to‘lovlarni tartibga soladi. Endilikda bu hujjat rezident bo‘lmagan chet elliklarning bank omonatlariga ham tegishli hisoblanadi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, banklar bunday shaxslarning omonatlaridan keladigan oylik daromadi 10 million rubldan oshsa, uni maxsus “C” hisob raqamlariga o‘tkazishi shart. Ushbu hisoblardagi mablag‘lardan foydalanish qat‘iy cheklangan.
Prezident farmonida yangi qoidalar barcha omonatlarga tegishlimi yoki faqat muddatli omonatlar uchunmi — bunga aniqlik kiritilmagan. Bu esa moliya institutlariga hujjatni turlicha talqin qilish imkonini bermoqda. Rossiya Markaziy banki zarurat tug‘ilsa, yangi qoidalar bo‘yicha tushuntirish berishga va’da berdi. Jabrlangan mijozlar cheklovlar ustidan regulyatorga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.
Rossiyaning “do‘st bo‘lmagan” davlatlar ro‘yxati 2021-yilda paydo bo‘lgan. O‘shanda ro‘yxatga faqat Chexiya va AQSH kiritilgan. Rossiyaning Ukrainaga bosqini va Moskvaga qarshi joriy etilgan sanksiyalardan keyin bu ro‘yxat sezilarli darajada kengaydi. Hozirda tegishli ro‘yxatdan 49 ta davlat, jumladan, Yevropa Ittifoqining barcha 27 ta a’zosi joy olgan.
Bundan oldin Putin migratsiya sohasidagi davlat bojlari miqdorini bir necha barobarga oshirishni nazarda tutuvchi qonunni imzolagandi. Hujjatga ko‘ra, Rossiya fuqaroligini olish yoki undan chiqish uchun to‘lanadigan davlat boji 4200 rubl (638 400 so‘m)dan 50 ming rubl (7 600 000 so‘m)gacha oshiriladi. Yashash guvohnomasini rasmiylashtirish boji esa 6 ming rubl (912 000 so‘m)dan 30 ming rubl (4 560 000 so‘m)gacha ko‘tariladi.








