Moskvaning ayrim hududlarida internet uzilishi ortida Federal xavfsizlik xizmati (FXX) turibdi. Bu haqda IT bozori va hukumatdagi manbalariga tayanib, The Bell xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, FXXning ilmiy-texnik boʻlimi internetni cheklash talabi bilan aloqa operatorlariga murojaat qilgan. Operatorlarga internet bloklanishi kerak bo‘lgan bazaviy stansiyalar ro‘yxati berilgan. Operatorlar yangi konfiguratsiyalarni qo‘lda kiritgan, bu turli hududlarda va turli operatorlarda aloqa sifati farqlanishiga sabab boʻlgan.
The Bell suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, qaror “yuqoridan tushirilgan”. Hukumatning oʻzida ham bu qarorning sabablari haqida aniq ma’lumot bo‘lmagan. Rasmiy asos sifatida esa “tahdidlarga qarshi kurash” ko‘rsatilgan.
“FXX ilmiy-texnik xizmatidan qaysi hududlarda internetni o‘chirish kerakligi belgilangan xarita kelib tushdi. Shu bilan birga, huquq-tartibot idoralari xodimlari bu ularning qarori emasligiga ishora qilgan, ularga ham yuqoridan buyruq tushirilgan”, dedi manbalardan biri.
Suhbatdoshlardan biri ko‘rgan xaritaga ko‘ra, uzilishlar deyarli butun Moskva markazini Sadovoye halqa yo‘ligacha, shuningdek, shimol, sharq va janubdagi ayrim hududlarni qamrab olgan.
Shuningdek, internetni oʻchirish “Yujniy port“, tozalash inshootlari, “Losiniy ostrov” bog‘ining janubi-g‘arbiy qismi (Prezident boshqarmalari shifoxonasi atrofi) va Krasnogorsk yaqinidagi “SberSiti” qurilish hududini qamrab olgan. Ushbu nuqtalarning kamida ikkitasi ilgari OAV tomonidan havo hujumidan mudofaa tizimi oʻrnatilgan hudud sifatida qayd etilgan. Biroq Moskva mudofaa tizimi mavjud boshqa nuqtalarda uzilishlar qayd etilmagan.
Moskvadagi shatdaun mart oyi boshida boshlangan. Avvalgi cheklovlardan farqli o‘laroq, rasmiylar deyarli hech qanday tushuntirish bermagan. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov “xavfsizlik choralari” deyish bilan cheklangan. 24-mart kuni poytaxtning markaziy tumanlarida mobil internet kutilmaganda qaytdi.
Top10VPN ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oxiriga kelib, Rossiya 146 millionga yaqin odamga ta’sir ko‘rsatgan uzilishlar davomiyligi (37 166 soat) bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylandi. Biroq 2026-yil martigacha Moskva odatda bu kabi cheklovlar doirasidan chetda qolgan edi. The Bell manbalariga ko‘ra, endilikda bu imkoniyat ochilgan va yaqin vaqt ichida takroriy uzilishlar yana yuz berishi mumkin.








