Daryo

AQSH Polshaga qo‘shimcha 5000 qo‘shin yuboradi

Tramp bu qaror uning Polsha prezidenti Karol Navrotskiy bilan munosabatlariga asoslanganini aytdi. Ammo Pentagon Amerika armiyasining Yevropadagi soni kamaytirilishini bildirgan edi.

2 daqiqa o‘qish2 556 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH Polshaga qo‘shimcha 5000 nafar askar yuboradi. Bu haqda 21-may kuni Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi. Trampga ko‘ra, bu qaror uning Polsha prezidenti Karol Navrotskiy bilan munosabatlariga asoslangan. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

“Men qo‘llab-quvvatlashdan faxrlangan Karol Navrotskiyning Polsha prezidenti etib muvaffaqiyatli saylangani va u bilan munosabatlarimizdan kelib chiqib, AQSH Polshaga qo‘shimcha 5000 nafar harbiy xizmatchi yuborishini mamnuniyat bilan e’lon qilaman”, deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

AQSHning Yevropadagi qo‘shinlari: qarama-qarshi bayonotlar

Trampning bu bayonoti Pentagon bayonotidan ikki kun o‘tib yangradi. Pentagon AQSH armiyasining Yevropadagi brigada jangovar guruhlari sonini bittaga kamaytirib, to‘rttadan uchtaga tushirishini bildirgan edi.

O‘shanda Pentagon bosh matbuot kotibi Shon Parnell bayonot berib, AQSH qit’adagi harbiy ishtirokini qisqartirayotganini aytgan edi. Bu jarayon Trampning Yevropa va boshqa hududlardagi “Avval Amerika” (America First) kun tartibini ilgari surishga qaratilgan. Shuningdek, bu NATO bo‘yicha ittifoqchilarni Yevropaning an’anaviy mudofaasi uchun asosiy mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishga undaydi va bunga imkoniyat yaratadi.

Qo‘shma Shtatlar vitse-prezidenti Jey Di Vens ham shu haftaning boshida jurnalistlarga AQSH qo‘shinlarining Polshaga joylashtirilishi kechiktirilganini aytgan edi. Parnell bu vaqtincha kechikish Yevropadagi brigada jangovar guruhlarining qisqartirilishi sababli yuz berganini tasdiqladi.

Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish bundan oldin AQSH qo‘shinlarining Yevropada qisqartirilishi Polshaga ta’sir qilishini inkor etgan edi.

“Polshadagi Amerika askarlari soni kamaytirilmayapti”, degan edi u.

Uning o‘rinbosari Sezari Tomchik ham AQSH qo‘shinlarining qayta joylashtirilishi Polshaga emas, Germaniyaga ta’sir qilishini aytdi.

“Polsha Amerika qo‘shinlari ishtirokini kuchaytirish ustida doimiy ish olib bormoqda”, deya qo‘shimcha qildi Tomchik.

May oyi boshida AQSH Germaniyadan 5000 nafar askarini olib chiqishini e’lon qilgan edi. Bu voqea Tramp va Germaniya kansleri Fridrix Merts o‘rtasidagi ochiq jang fonida yuz berdi. Merts Eron muzokaralar stolida AQSHni “tahqirlamoqda” degan edi. Bu gap Trampning g‘azabini qo‘zg‘atdi.

Tramp va Navrotskiy o‘rtasidagi munosabatlar qanday?

Tramp 2025-yilning may oyida Navrotskiyni Oq uyda qabul qilgan edi. U Polshadagi saylovlar oldidan hal qiluvchi pallada Navrotskiyni qo‘llab-quvvatladi. Yakunda siyosatchi Polsha bosh vaziri Donald Taskning markazchi partiyasi nomzodini mag‘lub etdi.

“Prezident Tramp ‘siz g‘alaba qozonasiz’ dedi. Men buni bo‘lajak saylovlarda menga muvaffaqiyat tilash deb tushundim. Shundan keyin aytishim mumkinki, Amerika administratsiyasi Polshada nimalar bo‘layotganidan xabardor”, degan edi Navrotskiy o‘sha paytda.

Tramp Navrotskiy bilan sentyabr oyida yana uchrashdi. O‘shanda u AQSH Polshadagi qo‘shinlari sonini ko‘paytirishi mumkinligini aytdi va mamlakat mudofaasini ta’minlashga va’da berdi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar